Nega yerning ozon «ko’ylagi» yirtilib bormoqda?

Yer yuzasidan 20-25 km balandlikdagi stratosferada ozon qatlami joylashgan. U barcha tirik mavjudotni koinotdan kelayotgan zararli nurlardan himoya qiladi. Agar ozon qatlami bo’lmaganida, Quyosh butun sayyorani kuydirib yuborgan bo’lar edi. Endi ozon «ko’ylagi» to’satdan yirtila boshlaganini tasavvur qilib ko’ring…

Keyingi paytlarda ozon qatlamida tuynuklar paydo bo’la boshladi. Albatta, qatlamning yupqalashib qolgan yerlarini halitdan yirtiqlar deb bo’lmaydi, ammo u insoniyatga baxt keltirmasligi aniq. Mutaxassislar ozon qatlamidagi bir tuynuk Janubiy qutb, boshqa kichikrog’i esa Arktikada, Shpisbergen ustida paydo bo’lganini qayd etishdi.

Xo’sh, tuynuklar nega paydo bo’ladi? Ularni aerozolli qadoqlashda, xolodilnik va kondisionerlarda foydalanish natijasida atmosferaga chiqadigan xlorli va ftorli uglevodorodlar hosil qiladi. Bu gazlar yer stratosferasiga ko’tarilib, u yerda uzoq muddat saqlanib qoladi va asta-sekin ozon qatlamini kilogrammlab, tonnalab yemira boshlaydi. Ozon qatlamining emirilishi dahshatli oqibatlarga olib keladi: atmosferada filtrlanmay yerga yetib kelgan ultrabinafsha nurlar o’simliklar, dengiz mayda jonivorlarini (masalan, dengizda yashovchi ko’pgina katta jonivorlar uchun ozuqa bo’lgan planktonlarni) qira boshlaydi. Eng asosiysi, odamlardagi turli kasalliklarga, shu jumladan, teri rakiga sababchi bo’ladi. Insoniyat boshqa ishqorli yomg’irlar va parnik effekti singari uncha yirik bo’lmagan muammolardan farqli o’laroq, ozon tuynuklari masalasida bir to’xtamga kela oldi. Bugungi kunda, garchi hamma mamlakatlar qo’l qo’ymagan bo’lsada, 1998 yilga borib ozon kushandasi bo’lmish xlorli va ftorli uglevodorodlardan foydalanishni taqiqlash to’g’risidagi xalqaro bitim amal qilmoqda.