Vasf
Vasf (Arabcha— sifatlash, ta’riflash) — lirika janri. Vasfga taom turlari, meva xillari, sabzavot, fasllar, ko’pik, suv, yomg’ir, do’l, oy, muz va boshqalar ham mavzu qilib olinishi mumkin. Unda inson narsa orqali ko’rsatiladi, tasvir qiyosiy tus oladi, taqqos kutilmagan, favqulodda bo’ladi, narsa jonlantiriladi. Inson obrazi va xislati to’g’ridan-to’g’ri tasvir etilmaydi, kitobxon o’ylashga majbur bo’ladi, emotsional ta’sirlanadi. Vasf ma’rifiy-estetik ahamiyatga ega, janr tuzilishi va vazni har xil bo’lishi mumkin. Avestoda uchrashi haqida ham ma’lumotlar bor. Arab mamlakatlarida Islomgacha bo’lgan davrdayoq qasida janri ichida qo’llangan; u topishmoqlar, masalga yaqin. Vasf hajmi bir baytdan to o’n baytgacha va undan ortiq bo’lishi mumkin, qisqalik, lo’ndalik uning muhim tomonidir. Vasf arablarda mustaqil janr sifatida 10-asrda shakllangan. Shu asrda Buxoroda yashab, Arab tilida ijod qilgai shoirlar Vasf yozganlar. Zamonaviy o’zbek adiblari ijodida Vasf ko’plab uchraydi. Ad.: Abu Mansur as-Saolibiy, yatimat ad-dahr, T., 1976; adabiy turlar va janrlar, 2-j. T., 1992.