Vestgotlar, vizigotlar, tervinglar
Vestgotlar, vizigotlar, tervinglar — german qabilasi, gotlarning g’arbiy tarmog’i. Milodiy 3-4-asrlarda Dnestr daryosining g’arbiy tomonida yashagan Vestgotlar 4-asrning 70-yillarida gunnlar siquvi ostida Dunay daryosidan o’tib Myoziyaga o’rnashganlar. 418 yil Janubiy Galliyada G’arbiy Rim imperiyasi hududida markazi Tuluza shahri bo’lgan ilk varvar qirolligini barpo etganlar. 5-asr 2-yarmida Vestgotlar Ispaniyaning katta qismini egallab olganlar. 507 yil franklar tomonidan Janubiy Galliya bosib olingach, bu yer Vestgotlar qirolligining asosiy hududi bo’lib qolgan; 6-asr o’rtasidan uning poytaxti Toledo shahri bo’lgan. Vestgotlar ayrim mahalliy yer egalari qo’lidagi haydaladigan yerlarning 2/3 qismini tortib olganlar. Rim tartiboti bilan yaqindan tanishish Vestgotlarlarga urug’-qabilachilik munosabatlaridan ilk mulkchilik tuzumiga o’tish imkonini bergan. Vestgot qirolligida hukmron etnik guruh bo’lgan bosqinchi Vestgotlar asta-sekin mahalliy ispan-rim aholisi bilan aralashib ketgan. 711-718 yillarda Vestgotlar davlati arablar tomonidan zabt etilgan.