Vijayanagar
Vijayanagar — Hindistonda, Krishna daryosidan Janubda 14-17- asrlarda mavjud bo’lgan davlat; Hindistonning aksar qismida musulmon sulolalari hukmronlik qilayotgan davrda hindlarning eng yirik davlati. Janubiy hind xalqlari (telugu, Tamil, Kannara va tulu)ning Dehli sultonligiga qarshi kurashi natijasida vujudga kelgan (1336). Poytaxti — Vijayanagar shahri (lug’aviy ma’nosi — g’alaba shahri). Devarayya II davri (1422-46)da butun Janubiy Hindiston Vijayanagarga qo’shib olingan, Tseylon va Birmaga harbiy yurishlar qilinib Bahmaniylar sultonligi ustidan bir necha g’alabalarga erishilgan. Krishnadevarayya davri (1509-29)da Vijayanagar qudratli davlatga aylangan. Vijayanagarda Janubiy hind xalqlarining san’ati va adabiyoti taraqqiy etgan. Biroq ichki nizolar, qo’shni sultonliklar bilan bo’lgan muttasil urushlar natijasida Vijayanagar zaiflashgan. Bijapur, Ahmadnagar, Bidor va Golkonda sultonliklari bilan bo’lgan urushda (talikot jangi, 1565) mag’lubiyatga uchragach, Vijayanagar mayda sultonliklarga bo’linib ketgan.