Verdi (Verdi) Juzeppe

Verdi (Verdi) Juzeppe (1813. 10. 10, Parma, Ronkole qishlog’i — 1901. 27.1, Milan) — italyan kompozitori, opera janrining yirik ustasi. 7 yoshidan musiqadan saboq olgan. 15 yoshida ibodatxonada organchi, orkestr dirijyori bo’lib, Busseto shahrida kontsertlar tashkil qilgan. U o’z asarlarida qahramonlarning ichki dunyosini chuqur ochishga, inson qadr-qimmatini, haq-huquqini himoya qilishga intilgan, jamiyatdagi ijtimoiy illatlarni fosh qilgan. “Rigoletto” (1851), “Trubadur” (1853), “Traviata” (1853) kabi operalarida insonparvarlik g’oyalari yuksak ehtiros bilan olg’a surilgan. Uslubida jo’shqin, hayajonli musiqa rivoji bilan ohangdor kuylar, yorqin hamda sodda ifodaviy vositalar uyg’unlashgan. “Balmaskarad” (1859), “don Karlos” (1867), “Aida” (1870) operalari Verdi ijodining cho’qqisidir. Verdi Shekspir asarlari asosida yaratilgan ikkita nodir operasi (“Otello” musiqali fojiasi, 1886; “Falstaf” komik operasi, 1892) da yangi, muttasil musiqa rivojiga asoslangan uslub namoyon bo’lgan, opera janri isloh qilingan. Verdi asarlari jahon teatrlari repertuaridan munosib o’rin olgan. O’zbekistonda ham “Rigoletto”, “Aida”, “Traviata”, “Trubadur” kabi operalari sahnaga qo’yilgan.