Vashington

Vashington – AQShning shimoliy- g’arbidagi shtat. Shimolda Kanada bilan chegaradosh. Maydoni 176,6 ming km2. Aholisi 5,2 milliondan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Olimpiya shahri. Eng yirik shahri — Sietl. Vashington hududining ko’p qismi tog’lar va yassi tog’lardan iborat. Yanvarning o’rtacha temperaturasi g’arbida 4°, sharqida -2°, -3°, iyulniki g’arbida 16-17°, sharqida 20-23°. Yillik yog’in 400-2000 mm. Tog’larida igna bargli o’rmonlar bor. Daryolari (Kolumbiya va uning irmoqlari) sersuv. Bir qancha GES qurilgan. Gidroenergiyaga boyligi jihatidan AQSh Shtatlari orasida 1-o’rinda. Rangli va qora metallurgiya tarmoklaridan alyuminiy, ferroqotishma, elektrkimyo va atom sanoatlari taraqqiy etgan. Pyujet-Saundda kemasozlik korxonalari va harbiy-dengiz bazasi bor. Aviaraketa sanoati Sietlda (“Boing” zavodi) joylashgan. Vashington AQShda yog’och tayyorlash va yogoch sanoati bo’yicha 1-o’rinda turadi. Fanera va qog’oz ishlab chiqariladi. Baliq-konserva sanoati rivojlangan. Vashingtonda Kanadadan keltirilgan neftni qayta ishlovchi zavod qurilgan. Qishloq xo’jaligi kam taraqqiy qilgan. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning yarmi ekinzor, qolgani yaylov. Dengiz bo’yi rayonlari sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Kolumbiya platosida bug’doy ekiladi, meva etishtiriladi. Dengiz bo’ylarida baliq ovlanadi. Vashingtondan muhim avtomobil va temir yo’l o’tgan. Asosiy portlari — Sietl va Takoma.