Vashington

Vashington -AQSh poytaxti, Potomak daryosi bo’yida. Ma’muriy jihatdan 1878 yildan Kolumbiya Federal okrugiga to’g’ri keladi. Aholisi 567 ming kishi, shahar atrofi bilan 3,8 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Vashington poytaxt shahar sifatida 1791 yilda barpo etilgan va AQShning birinchi prezidenti J. Vashington nomi bilan atalgan. 1800 yilda hukumat muassasalari Filadelfiyadan Vashingtonga ko’chirildi. 1812-14 yillardagi Angliya-Amerika urushida shahar katta zarar ko’rdi. Urushdan keyin qayta tiklandi. Vashingtonda bir qancha xalqaro konferentsiyalar bo’lib o’tgan va xalqaro bitimlar tuzilgan. 1942 yil yanvarda Vashingtonda 26 davlat deklaratsiyasi imzolandi. Bu deklaratsiyani imzolagan va uni quvvatlagan davlatlar “Birlashgan Millatlar” nomini oldi. 1949 yil aprelda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) ham shu yerda imzolangan. Vashingtonda prezident qarorgohi (Oq uy, 1792— 1818 yillarda qurilgan), Kongress binosi (Kapitoliy, 1793— 1863), Davlat departamenti, harbiy shtab (Pentagon), ministrliklar va boshqa oliy davlat muassasalari joylashgan. Amerika davlatlari tashkilotlarining rahbarlik organlari ham Vashingtonda. Vashington sanoati mamlakat miqyosida ahamiyatga ega emas. Sanoat mahsulotlari asosan mahalliy ehtiyojlar uchun ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat, tikuvchilik, poligrafiya, harbiy sanoat korxonalari bor. Aholining ko’p qismi davlat xizmatida, maishiy xizmat ko’rsatish, savdo va moliya ishlarida band. Vashington yirik transport yo’llari tuguni. Janubi-g’arbida daryo porti, Frendshik xalqaro aeroporti, metropoliten bor. Vashington mamlakatning yirik ilmiy va madaniy markazi. Shaharda ko’plab oliy o’quv yurtlari, jumladan 5 universitet: Govard, J. Vashington universitetlari va boshqalar, Milliy Fanlar Akademiyasi, harbiy akademiya, Oliy qishloq xo’jalik maktabi, ilmiy jamiyatlar, muzeylar. Kongress kutubxonasi va boshqa kutubxonalar, Milliy san’at galereyasi joylashgan. Vashington tashqi qiyofasi bilan AQSh ning boshqa yirik shaharlaridan farq qiladi. Unda ko’p qavatli baland binolar, yirik korxonalar yo’q. Bog’ va xiyobonlar, haykallar, yodgorlik uchun qurilgan binolar ko’p. Ko’plab turistlar kelib ketadi.