Qalqonota yodgorliklari

Qalqonota yodgorliklari — Nurota yo’lidan 8 kilometr uzoqlikdagi Qalqonota qishlog’i atroflaridan topilgan arxeologik yodgorliklar majmui (miloddan avvalgi 6-5-asr va milodiy 6-7- asr). Qalqonotadan 400 metr Janubda Qo’zimontepa shahri xarobasi (miloddan avvalgi 6-5-asr — milodiy 6-7-asr) joylashgan. Qo’zimontepada balandligi 16 metr umumiy hajmi 50×20 metrli qo’rg’on saqlanib qolgan. Qo’rg’onning shimolda balandligi 7 metr, umumiy hajmi 100×60 metrli Shahriston bo’lgan. Qo’rg’on va Shahriston mustahkam devor bilan o’ralgan. Qalqonota qishlog’i shimolidagi adirlar yaqinida turli davrga oid 300 ga yaqin katta-kichik mozorqo’rg’onlar joylashgan. Qo’rg’onlarda marhumlarni dafn qilishning turli davrlarga oid 4 ta guruhi aniqlangan: 1) miloddan avvalgi 6-5-asrlarga oid doira shaklidagi qo’rg’onlar. Ularning balandligi 30 santimetrdan 70 santimetrgacha, diametri 5 metrdan 10 metrgacha. Tepalik tagida chuqurligi 30 santimetrdan 1 metrgacha, uzunligi 180— 210 santimetr, eni 50-80 santimetrlik tuxumsimon mozor o’rasi topilgan. Dafn qilingan jasad chalqanchasiga, kallasi shimolga qaratib, oyoq-qo’llari butun tanasi bo’ylab cho’zilgan holatda yotqizilgan. O’ralardan Axomaniylar davriga oid idishlar, temir pichoq, mis va nefrit munchoqlar, bo’yoq qirg’ichlar topilgan; 2) miloddan avvalgi 1 va milodiy 1-asrlarga oid qo’rg’onlarda katakomba usulida marhumlar dafn etilgan. Tepalikning diametri 30 metr, balandligi 1,5 metrga yaqin. To’g’ri burchakli 80 santimetrlik dafn bo’lmasiga kirish yo’lagi (dromus) topilgan. Dromusdan chuqurligi 3,5 metr, balandligi 16 metr, eni 3 metr tuxumsimon shakldagi dafn etish xonasi topilgan. Unda miloddan avvalgi 1 asrga oid sopol buyumlar, kiyim parchalari saqlangan; 3) milodiy 5—6-asrlarga oid qo’rg’onlarda marhumlar kuydirilgan holda guruhguruh dafn etilgan. Qo’rgon diametri 20 metr, balandligi 1,3 metrlik tepalikdan iborat. Tepalik tagidan to’g’ri burchakli 1x 1,75 santimetrli mozor o’ra topilgan. O’raga shimoliy g’arbiy tomondan uzunligi 2 metrlik keng zinapoyali dromus tushirilgan. O’raning sathi tekis shibbalanib, unga kuydirilgan jasadlar qo’yilgan. Bundan 35 ta kuydirilgan bosh va tana suyaklari, kul va ko’mir aralashmalari, jezdan yasalgan uzuklar, munchoqlar, Marvda zarb qilingan sosoniylar davriga oid kumush tangalar topilgan; 4) 6-7-asrlarga oid qo’rg’onlar. Diametri 5 metr, balandligi 20 santimetrgacha bo’lgan 2 ta otashparastlarga xos bo’lgan qo’rg’on ochilgan. Birinchi qo’rg’ondan bir-biriga qarama-qarshi turgan ichida jasadning kalla va qo’poyoq suyaklari bo’lgan 2 ta sopol xum topilgan. Ikkinchi qo’rg’ondan balandligi 50 santimetrlik ichida erkak kishi va bolaning kalla suyagi va boshqalar suyak parchalari bor xum topilgan. Xum uch tarafdan mayda sopol idishlar bilan o’rab olingan.