Vena konventsiyalari
Vena konventsiyalari (1961 va 1963) — diplomatik va konsullik munosabatlariga bag’ishlangan konventsiyalar. Diplomatik munosabatlar to’g’risidagi Vena konventsiyasi 1961 yil 18 aprelda Vena shahrida, diplomatik munosabatlar va immunitetlar masalalari bo’yicha BMT konferentsiyasida qabul qilingan. Davlatlar boshliqlari huzuridagi diplomatik vakolatxonalar maqomi va vazifalarini belgilab beruvchi bu asosiy xalqaro huquqiy hujjat 53 moddadan iborat bo’lib, jumladan davlatlar o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatish tartibiga, diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini taminlash va chaqirib olishga, mazkur vakolatxona xodimlarining diplomatik maqomlariga, ularga va oila a’zolariga beriladigan imtiyoz va daxlsizliklarga, ular vazifa olgan mamlakatlarga kelishi va qaytishiga, qabul qiluvchi mamlakat hududida o’zlarini qay shaklda tutishlariga oid qoidalardan iborat. Vakolatxonalarning muayyan diplomatik maqomga ega rahbarlari va vakolatxona diplomatik xodimlari orasidan Sardor (duayen)ni, vakolatxonaning muvaqqat ishlar vakilini tayinlash masalalari yuzasidan ham qoidalar bayon qilingan. Konsullik aloqalari to’g’risidagi Vena konventsiyasi 1963 yil mart — aprelda, BMT xalqaro huquq hay’atining loyihasini ko’rib chiqish uchun 92 davlat vakillari qatnashgan Vena konferentsiyasida qabul qilingan. Mazkur Konventsiya xalqaro muomalada ishtirok qiluvchi barcha davlatlar o’rtasidagi konsullik aloqalarini tartibga solib turadi.