Xotin-qizlar kasalliklari
Xotin-qizlar kasalliklari, ayollar kasalliklari, ginekologik kasalliklar — xotinqizlar organizmining anatomik va fiziologik xususiyatlariga bog’liq kasalliklar bo’lib, ginekologiya fani o’rganadi. Bu kasalliklar jinsiy sistemaga tegishli bo’lsada, u butun organizmga ta’sir qiladi. Barcha a’zo va sistemalar bir-biri bilan uzviy bog’liqligi tufayli Xotin-qizlar kasalliklariga butun organizmning kassalligi deb qarash lozim; ginekologik kasalliklar o’z navbatida boshqa a’zo va sistemalar kasalliklari oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin. Bunda turli spesifik va nospesifik infektsiyalar, bolaliqda boshdan o’tkazgan kasalliklar, endokrin xastaliklar, moddalar almashinuvining buzilishi, hayotiy muhim a’zolar Patologiyasi asosiy ahamiyatga ega. Xotin-qizlar kasalliklari bir necha guruhlarga bo’linadi: yallig’lanish kasalliklari, hayz faoliyatining buzilishi, o’sma kasalliklari, jinsiy a’zolar rivojlanishi hamda joylashuvi anamaliyasi va hokazolar. Xotin-qizlarda ko’proq yallig’lanish kasalliklari kuzatiladi. Bu ko’p jihatdan reproduktiv sistema-ning funktsiyasi bilan bog’liq bo’lib, hayz, abort va ayniqsa tug’ruq jarayonida ayol organizmida infektsiya rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bundan tashqari spesifik infektsiyalar, jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar — zaxm, so’zak, trixomonada, so’nggi yillarda OITS (SPID), xlamidiyalar va viruslar Xotin-qizlar kasalliklarining ko’payishiga sabab bo’lmoqda. Ko’p hollarda Xotin-qizlar kasalliklarini stafilokokk, streptokokk, zamburug’lar va boshqalar qo’zg’atadi. Og’ir kechuvchi septik holatlarda, asosan, 2 va undan ortiq turdagi mikroorganizmlar kasallik qo’zg’atuvchi sifatida ishtirok etadi. Jinsiy a’zolarning yallig’lanishi kasalliklariga boshqa a’zolardagi yallig’lanish jarayonlari angina, sinusitlar, buyrak kasalliklari va hokazolar ham sabab bo’lishi mumkin. Yallig’lanish qaysi a’zoda rivojlanishiga ko’ra kolpit (qinda), endometrit (bachadonda), salpingit (bachadon nayida), ooforit (tuxumdonda) va boshqalar farq qilinadi. Bu kasalliklarda gavda haroratining ko’tarilishi, intoksikasiya, bosh og’rishi, umumiy ahvolning o’zgarishi bilan birga mahalliy belgilar — qorin pastida og’riq bo’lishi, og’riqning o’ziga xos tarqalishi (irradiasiya), qindan ajralmalar (oqchil) kelishi, ba’zan hayz funktsiyasining buzilishi kabi alomatlar kuzatiladi. Xotin-qizlar kasalliklarining ko’pchiligi hayz funktsiyasining buzilishi — gipermenstrual sindrom (hayz qoni miqdorining ortishi) yoki, aksincha, gipomenstrual sindrom (hayz qonining kamayishi yoki hayzning siyraklashuvi), disfunktsional qon ketishi va boshqalar bilan bog’liq. Xotin-qizlar kasalliklaridan jinsiy sistemaning xavfli va xavfsiz o’smalari ko’p, ular asosan tuxumdon va bachadonda kuzatiladi, boshqa jinsiy a’zolarda esa kam uchraydi. Jinsiy a’zolarning o’sma kasalliklarini onkologiya o’rganadi. Ginekologik amaliyotda jinsiy sistemaning rakoldi kasalliklarini oldini olish muhim, chunki ular vaqt o’tishi bilan Rakka aylanishi ham mumkin. O’smalar ham, rakoldi kasalliklar ham odatda ko’zga yaqqol tashlanmaydigan belgilarsiz kechadi, shu sababli ayollar yiliga ikki marta akusherganekologga ko’rinib turishlari lozim. Qiz bolalar va yosh qizchalarda ham jinsiy sistema kasalliklari kuzatiladi. Bu, hayz funktsiyasining buzilishi va jinsiy a’zolar rivojlanishidagi anomaliyalardir. Bunga, asosan, uning bolaligida boshidan kechirgan turli kasalliklari, noqulay turmush tarzi, hatto u ona qornidaligidayoq onasining biror-bir jiddiy kasallik bilan og’rigailigi sabab bo’lishi mumkin. Hayz funktsiyasining buzilishi qizlarda hayzning kech yoki erta boshlanishi, nomuntazamligi, qon ketishi va hokazolar bilan kechadi. Davolash choralari qancha erta boshlansa, shuncha samaraliroq bo’ladi. Jinsiy sistema a’zolarining rivojlanishi va joylashuvi anomaliyalari ham katta guruhni tashkil etadi; bular qizlik parda, qin, bachadon bo’yni sohasidagi bitishmalar, bachadonning ba’zan ikkita va hokazolar bo’lishi. Bu anomaliya lar jarrohlik yo’li bilan davolanadi. Jinsiy a’zolar joylashuvi anomaliyalari (bachadon, qin devorlarining turli yo’nalishda pastga siljishi, hatto tushib qolishi) ko’pincha tug’ruq asoratlari, ba’zan chanoq tubining tug’ma zaifligi, og’ir jismoniy mehnat oqibatida yuzaga keladi, bu odatda yoshi kattaroq ayollarda kuzatiladi. Bular jarrohlik usulida davolanadi. Homiladorlikning asoratli kechishi bilan bog’liq ba’zi patologiyalar (homiladorlikning erta muddatlarida homilaning tushib qolishi, bachadondan tashqari homiladorlik, elbo’g’oz), ba’zi tug’ruq asoratlari (oqma yaralar, qo’shni a’zolar shikastlari) ham ginekologik kasalliklarga kiradi. Xotin-qizlar kasalliklari ichida alohida guruhni neyro endokrin sindromlar tashkil etadi; bu, asosan, gipotalamogipofizar yaatologiyalar bilan bog’liq. Bular ginekologik hamda endokrinologik yo’l bilan davolaniladi. Ayollar jinsiy sistemasi kasalliklarining oldini olish va davolashni respublikamizdagi tarkibida ayollar konsultasiyam bo’lgan tug’ruq majmui va oilaviy poliklinikalar amalga oshiradi. Toshkentdagi akusherlik va ginekologiya ilmiy tadqiqot instituti, shuningdek, uning viloyatlardagi filiallari homiladorlik va tug’ruq jarayonlarining asoratsiz kechishi, onalar va bolalar muhofazasini ta’minlashda akusherlik va ginekologik yordamni ilmiy tashkil etish maqsadida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.