Mavrigi
Mavrigi, mavriygi (Marv shahriga nisbat berilgan) — Buxoro musiqa an’analariga xos (erkaklar) folklor janri. Mavrigi Buxoro amirligi davrida Marvdan ko’chib kelgan eroniylarning musiqa ijodi sifatida shakllanib, keyinchalik boshqa (tojik, o’zbek) Millatlar orasida ham ommaviylashib ketgan. Turkum shaklida ijro etiladigan qo’shiq va kuylardan iborat. 1-qismi (“Shaad”)da yakkaxon nasihatomuz baytlarni rechitativ uslubida, doiraning “rezi” jo’rligida ijro etadi. So’ngra asta tezlashib boruvchi — yakkaxon bilan birgalikda “jo’ra” (Naqarot aytuvchi)lar ijro etayotgan bir necha lirik (sevgi-muhabbat mavzuidagi) hamda raqsbop qo’shiq (“sarxona”, “Chorzarb”, “Makaylik” va boshqalar), cholg’u kuy (“Garduni sarxona” va boshqalar), doira zang usullari va raqslar keladi. Mavrigi turkumi avj doirasida eng sho’x raqs (“chilligi”) bilan yakunlanadi. Mavrigi ijrochilaridan badiha va raqsga moyillik talab etiladi. 19-20-asrlarda Mavrigi ijrochilaridan baqo Sa’dullaev, Habib Ne’matov, Alirizo Qurbonov va boshqalar mashhur bo’ldi. Hozirda Mavrigi janri Buxoro folklor-etnografik ansambllari (“Mohi Sitora” kabi) repertuaridan o’rin olgan.