Mavlonozoda

Mavlonozoda (14 asr) – 1365-66 yillarda Samarqandda ko’tarilgan sarbadorlar qo’zg’oloni rahbari. Mo’g’uliston xoni Ilyosxo’ja Movarounnahrga hujumi paytida Samarqand mudofaasiga boshchilik qilgan. Mo’g’ullar Samarqandni egallash uchun otlanganlarida shahar hrkimi qochib ketgan. Shunda Mavlonozoda jome masjidi oldida to’plangan 10 ming kishilik shahar aholisi o’rtasida qizg’in nutq so’zlab xalqni kurashga chorlagan va Samarqandni mudofaa etishga rahbarlik qilishni o’z zimmasiga olgan. Hofizi Abrunnng “Zubdat ut-tavorix” asarida yozilishicha, Mavlonozoda Buxoro ulug’zodalaridan, donishmand kishi bo’lib, u kamondan yaxshi o’q otar, o’ta jur’atli va dovyurakligi bilan mashhur edi. Abu Bakr Kuluiy (Kalaviy) Naddof bilan birgalikda shahar mudofaasiga tayyorlangan, xususan, shahardagi barcha darvozalarni berkitgan. Ko’chalar, bog’lar atrofiga g’ovlar qurdirgan. Faqat bir ko’chani ochiq qoldirib, shu yerda Mavlonozodaning o’zi 500 kishisi bilan pistirmada o’tirgan. Dushmanning qorovul qismlari hech qanday xavotirsiz shaharga kirib kelganda, Mavlonozodaning ishorasi b-n do’mbiralar chalingan. Dushmanga har tomondan o’q-yoylar, toshlar yog’dirilgan, ularni tayoqlar bilan savalaganlar. Natijada mo’g’ullarning 1000 askari majruh bo’lgan, 100 tasi esa qo’lga olingan. Ertasi kuni ham mo’g’ullar butun kuchlarini ishga solib hamla qilsalar, turli harbiy hiylalar qo’llasalar ham shaharni ololmaganlar. Keyinchalik ularning otlariga o’lat tegib, qirila boshlagach, mo’g’ullar Movarounnahrni tark etishga majbur bo’ldi. Shahardagi hokimiyatni qo’lga kiritgan sarbadorlar aholiga zulm qila boshladi. Hofizi Abruning yozishicha, bundan xabar topgan Amir Husayn Balx, Badaxshon, Qunduz, Bag’lon, Andxud va Shibirg’on lashkarini to’plab, Samarqand tomon yuzlangan. U sarbadorlarga maktub yo’llab, unda ularga ishonishini, hatto o’z amirlaridan ham yaqin tutishini yozgan va Samarqand yaqinidagi Konigil mavzesiga yetgunicha uning huzuriga kelmaslikni iltimos qilgan. Sarbadorlar uning takallufini chin bilib, fursatni qo’ldan boy berganlar. Amir Husayn Konigilga yetib kelgach, unga izzat-ikrom bildirish, tortiqlar taqdim etish uchun istiqboliga chiqqanlar va xizmatiga shay bo’lib turganlar. Amir Xusayn 1-kuni sarbadorlarga iltifotlar ko’rsatgan. Bundan sarbadorlar yanada ruhlanib, ko’ngillaridan xavf-xatar g’ubori ko’tarilib, ertasi kuni ko’proq sovg’alar va kamyob mollar bilan uning huzuriga yo’l olganlar. Karbosga etganlarida Amir Husaynning buyrug’iga ko’ra, ularning hammasi qo’lga olinib qatl etilgan. Faqat Mavlonozodani Amir Temur iltimos qilib, dor tagidan qutqarib qolgan. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Amir Temur Mavlonozoda uchun shafoat tilab uni xalos etgan. Bunga Amir Temurning ilgari ham sarbadorlarning ayrim rahbarlari bilan aloqada bo’lganligi taxmin qilinadi. Ad.: Abdurazzoq Samarqandiy, matlai sa’dayn va majmai Bahrayn. T., 1969; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996. Faxriddin Hasanov.