Xo’jayev Sulaymon

Xo’jayev Sulaymon (asli Sulaymonxo’ja Nasrullaxo’ja o’g’li) (1866— Toshkent — 1947.21.1) — yog’och o’ymakori, mehnat qahramoni (1932). Toshkent yog’och o’ymakorligining yirik vakili, pargari va lavh bo’yicha mohir usta. 17 yoshigacha otasi — duradgor usta bilan ishlab hunar o’rgangan, so’ng usta Iskandar Mirzayoqubov ustaxonasida ishlagan. 1891 yildan usta Toshpo’lat Ayyubxo’jayevdan pargari usulini mukammal egallagan. Xo’jayev Toshkent o’quv ishlab chiqarish ustaxonalarida o’qituvchi, Toshkent shahar Xalq Maorifi bo’limi huzuridagi to’garaklarga rahbarlik qildi, ko’plab shogirdlar tayyorladi (jumladan, M. Asqarov, M. Qosimov va boshqalar). Toshkent to’qimachilik kombinatida milliy naqshlar asosida matoga gul solish bo’yicha maslahatchi rassom bo’lgan. Xo’jayev yaratgan xontaxta, kursi, quticha, lavh va boshqa badiiy buyumlar naqsh mujassamoti, nafis, yuksak mahorat bilan ishlanishi va boshqa xususiyatlari bilan diqqatga sazovor. 1913 yildan Xo’jayev badiiy asarlari bilan Xalqaro ko’rgazmalar (Sankt-Peterburg, Parij va boshqalar)da ishtirok etgan. Uning asarlari va naqsh mujassamotlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.