Xo’jayev Sulaymon
Xo’jayev Sulaymon (1893, Toshkent — 1937.20.8, Toshkent viloyati) — ilk o’zbek kino aktyori, stsenariychi, kinorejissyor. O’zbek kino san’atining asoschilaridan. Hamid Sulaymonovning otasi. Toshkentdagi “Ko’kaldosh”, Abulqosim madrasalari (1902-1912) va Moskvadagi kinematografiya instituti (1927-32)da tahsil ko’rgan. “Turon” teatr to’dasi spektakllarida artist sifatida qatnashgan (1916-17), “Behbudiy” maktabida o’qituvchilik qilgan (1927— 32). “Turk adam markaziyat” va “Milliy istiqlol” aksilsho’roviy tashkilotlari a’zosi (1917-1921). Xo’jayev 20-yillarning 2-yarmi — 30-yillarning boshlarida yaratilgan dastlabki o’zbek filmlarida artist (“Ravot qashqirlari”, 1926; “Chachvon”, 1927; “so’nggi bek”, “Avliyo qizi”, 1930; “tong oddidan”, 1933), stsenariy muallifi, rejissyor assistenti va rejissyor sifatida ishtirok etgan. Jizzax qo’zg’oloniga bag’ishlangan “Tong oldidan” filmida 1916 yil xalq qo’zg’olonining shafqatsiz bostirilishi haqqoniy tasvirlangan. Asarda Xo’jayev ovozsiz kinoning barcha tasviriyemotsional imkoniyatlaridan mohirona foydalana oluvchi, montaj san’atini egallagan yetuk ijodkor ekanini namoyish etgan. Xo’jayev navbatdagi filmni suratga olish paytida (1934) hibsga olinib, 6 yillik jazo muddatini o’tash uchun “Malik” lagersziga yuborilgan. Ko’p o’tmay, aksilshuroviy targ’ibotda ayblanib, usha yerda otib tashlangan.