Xubilay, qubilay
Xubilay, qubilay (1210-1294) — Mo’g’ullar davlati hukmdori, qoon (1260-94). Tulixonning 4-o’g’li, Chingizxonning nabirasi. Onasi — Surquktani Kerayt qabilasi begi Vanxon To’g’ril (O’nxon)ning jiyani bo’lgan. 1251 yilda Xubilay mo’gul zodagonlarining buyuk qurultoyida raislik vazifasini ado etgan. Shu paytdan e’tiboran u Munke qoon farmoniga muvofiq, mo’g’ullar tomonidan bosib olingan Xitoy yerlarini boshqargan. Pekin shahridan taxminan 550 kilometr shimolda Kaypin shahrini barpo etgan, u keyinchalik Shandu deb atalgan. Munke vafotidan so’ng (1259) Xubilay va uning ukasi Ariqbuqo o’rtasida taxt uchun kurash boshlangan. 1260 yil Xubilay o’zini xoqon deb e’lon qilgan va o’z poytaxtini Kaypinga ko’chirgan. Xubilay 1260 yilning kuzida xos Mo’g’uliston hukmdori Ariqbuqo poytaxti Qoraqurumni qo’lga kiritgan. Xubilayga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda mag’lubiyatga uchragan Ariqbuqo 1264 yil unga taslim bo’lgan. 1271 yilda Xubilay hozirgi Pekin yaqinida yangi poytaxt qurgan va unga Xonbalg’asun (xoqon shahri) deb nom bergan. Mo’g’ullar sulolasini esa yuan nomi bilan yurita boshlagan. 1266 yilda Xubilay ilk bor Yaponiyaga elchi yuborgan. Ayni chog’da uning buyrug’iga binoan, koreys ustalari tomonidan mingta yog’och kemalar qurib tugatilgan. 1270 yil 2-marta Yaponiyaga elchilar jo’natilgan. 1279 yil Jan. Sun davlati yo’q qilingan va Xitoy mamlakati butunlay mo’g’ullar tasarrufiga kirgan. 1280 yil Yaponiyaga bostirib kirishga harakat qilingan. Lekin Yaponiya qirg’oqlarida yuzaga kelgan kuchli dovul tufayli bu yurish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 1283 yilda birma bosib olingan. 1258, 1285 va 1287 yillarda Xubilay Annam (Vetnam) yerlariga suqilib kirgan. Bu yurishlar paytida mo’g’ul armiyasi jangovar fillardan jangda foydalanishni o’rgangan. 1293 yilda Indoneziyaning Yava va boshqa orollaridagi davlatlar yuan sulolasiga bo’ysundirilgan. 1264 yildan umrining oxirigacha Xubilay Ariqbuqo siyosatini qo’llabquvvatlagan. Qaydu no’yon (O’qtoy qoon nabirasi) isyoniga qarshi kurash olib borgan. Xubilay zamonida uning hukmiga asosan, qog’oz pullar muomalaga kiritilgan, to’plar quyish yo’lga ko’yilgan, aloqa yo’llari rivojlangan, yomxonalar barpo etilgan. Xitoyda qoramol hamda otlar zotlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Xubilay farmoniga kura, kvadrat shaklli yozuv ixtiro qilingan. Xubilay Tibet lamasi Pagbani davlat maslahatchisi etib tayinlaydi. Harbiy san’at bobida u Marko Polo singari yevropaliklar xizmatidan foydalangan. Mo’g’ullarning xitoylashuviga qarshi chora-tadbirlar ko’rgan. U Xitoyda ko’pdanko’p budda ibodatxonalari barpo etgan. Manbalarning dalolat berishicha, Xubilayning 12 o’g’li bo’lgan. Xubilay sulola taxtini nevarasi Temur xoqonga qoldirgan. Ad.:Rashid addin, Sbornik letopisey, t.2, M.L., 1960; Bichurin N.Ya., Sobranie svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v Drevnie vremena, t.2, M.— L., 1950. Hamidulla Dadaboyev.