Xoja Ahror
Xoja Ahror (taxallusi; asl ismi Xoja Ubaydulloh ibn Xoja Mahmud ibn Xoja Shahobiddin Shoshiy) (1404, hozirgi Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumani Bog’iston qishlog’i — 1490, Samarqand) — o’rtaosiyolik mutafakkir, Naqshbandiya tariqati rahnamolaridan. Otasi Shayx Xoja Mahmud naqshbandiyaning xojagon sulukida bo’lgan, tijorat va ziroat ishlari bilan shug’ullangan. Shayx Xovandi Tohur ona tomondan uning bobosidir. Xoja Ahrorning bolalik va yoshlik davri Toshkentda o’tgan. Toshkent va Samarqand madrasalarida tahsil olgan. U tasavvuf ilmiga qiziqadi, shu maqsadda Hirotga borib Shayx Bahouddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavviflar suhbatida bo’ldi. Bahouddin Naqshbandniig shogirdi Shayx Yoqub Charxiy (1447 yil vafot etgan)dan Naqshbandiya tariqati asoslarini o’rgandi. U Yoqub Charxiydan irshod huquqini olib, Murshidi komillik maqomiga etgach, Toshkent, Turkiston atroflarida shuhrat topa boshlaydi. Naqshbandiya ta’limotining davomchisi sifatida ulamolar o’rtasida katta obro’ orttirdi va “valiy” (“avliyo”) sifatida tanilib “Ahror” (“Hur”, “ozod”) nomiga ega bo’ldi. Tasavvufda bu nom 3 xil asirlikdan xalos bo’lgan: hayvoniy his-tuyg’ularni yenggan; o’zining barcha xohish-istagidan voz kechib, faqat Allohning irodasiga bo’ysungan; rasm-rusum va hayot kechirishning barcha odat va an’nalaridan xoli bo’lib, ilohiy nur yog’dusiga g’arq bo’lgan zotga nisbatan qo’llaniladi. Xoja Ahror, ayni vaqtda, dehqonchilik va tijorat ishlari bilan shug’ullanadi. Juda katta yer-suv, mol-mulk uning tasarrufida edi. Shu bois O’rta Osiyoda beqiyos iqtisodiy va siyosiy qudratga ega bo’lib, mamlakatning ichki va tashqi siyosiy hayotida yetakchi o’rin egallaydi. U faqat Movarounnahrda emas, Xuroson, Hindistonda ham savdo-sotiq ishlarini yo’lga qo’ygan. Butun umri davomida el-yurt va xalqning manfaati yo’lida ko’p savob, xayrli ishlar qilgan. O’z xo’jalik faoliyatidan olgan daromadning ko’p qismini aholi to’lashi lozim bo’lgan soliqlarni to’lashga, diniy ishlarga, madaniy qurilishlarni amalga oshirishga sarflagan. Hojatmand insonlarga va oilalarga muttasil yordam berib, mehr va muruvvatini ayamagan. Jamiyatdagi tutgan yuksak mavqeidan foydalanib taxt uchun kurashgan shahzodalar o’rtasidagi nizolarni tinchlik yo’li bilan bartaraf qilgan. Xoja Ahror Amir Temur tuzgan buyuk saltanat parchalanayotgan, tahlikali va o’ta murakkab davrda yashadi. Shunday sharoitda u fuqarolar, el-yurt manfaatini ko’zlab, siyosiy voqealarda ishtirok etishga majbur bo’ldi. Garchi soliklar siyosatdan uzoq turishni afzal ko’rgan bo’lsalarda, Xoja Ahror bu an’anani buzdi. Xoja Ahrorning Sulton va podshohlar bilan muloqotda bo’lishi shunchaki yuksak martaba, shaxsiy manfaat va shuhrat ketidan quvish uchun emas, balki oddiy fuqarolar manfaatini himoya qilish uchun zarur edi. U shu tariqa mazlumlarning homiysiga aylandi. Jomiy, Navoiy, Bobur Xoja Ahrorni o’zlariga ma’naviy pirustoz deb bilganlar. Xoja Ahrorning 3 risolasi bizgacha etib kelgan. Birinchi, “Faqarot ulorifin” (“Oriflar so’zlaridan parchalar”) bo’lib, unda Xoja Ahror va boshqa ba’zi mutasavviflarning tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. Ikkinchisi “Volidiya” (“otaga bag’ishlov”) bo’lib, uni o’z otasi iltimosiga ko’ra yozgan. Unda tariqat yo’liga kirgan kishining axloqi, odobi, faqr va fano tushunchalari haqida so’z boradi. Bu risola o’z davrida keng shuhrat qozonib, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy unga munosib baho bergan. Zahiriddin Muhammad Bobur bu risolani fors tilidan o’zbek tiliga she’riy tarjima qilgan. Bu tarjima 1991 yilda Toshkentda nashr etilgan. Risola 2004 yilda sharqshunoslar Mahmud Hasaniy va Dilora Rajabova tomonidan forsi tilidan qayta tarjima qilingan va nashr etilgan. Uchinchi risola “Havroiyya” deb atalib, mashhur mutasavvif shoir Abu Sayd Abdulxayr (Pa.)ning “Havro” (“hurlar” yoki “Farishtalar”) so’zi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bag’ishlangan. Bu asarlardan boshqa Xoja Ahrorning o’z zamondoshlariga yo’llagan maktublari ham bizgacha yetib kelgan. Ular Xoja Ahrorning o’z davri ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy hayotida tutgan o’rnini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu maktublarning ruscha tarjimasini tarix fanlari doktori Asomiddin O’rinboev tayyorladi. Maktublar A.O’rinboyev bilan amerikalik olima, NyuJersi universitetining professori Jo Enn Gross hamkorligida ingliz tiliga o’girilib, “Xoja Ubaydulloh Ahrorning xatlari va uning muridlari” nomi bilan 2002 yilda Gollandiyada nashr etildi. Xoja Ahror tasavvuf nazariyasi va amaliyotiga katta hissa qo’shgan. Uning madaniy merosida Qur’on oyatlarining tafsiri, hadislarning sharxlari aloxida urin egallaydi. Faxruddin Ali Safiyning “Rashahot” asarida Xoja Ahrorning 120 ga yaqin tafsiru sharxlari rashha (tomchi) lar tarzida berilgan. Xoja Ahror musulmon dunesining buyuk mutasavviflar silsilasida mo”tabar o’rin tutadi. Musulmon dunyosida 356 ta avliyo o’tgan bo’lib, ulardan 3 tasi qutb ulaqtob (ulug’darajaga etgan avliyo) sifatida e’tirof etilgan. Shu 3 zotning biri Xoja Ahror bo’lgan. O’zbekistonda istiqlol tufayli Xoja Ahrorning ma’naviy merosi chuqur o’rganilmoqda. Xoja Ahror tavalludining 600 yilligini keng nishonlash haqida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2004 yil 25 mart) uning ana shu merosidan xalqni bahramand etishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Ad.: Valixo’jaev B., Xoja Ahror tarixi, T., 1994; Ma’naviyat yulduzlari, T., 1999. Ubaydulla Uvatov, Zokirjon Kutiboyev.