ARMSTRONG

ARMSTRONG (Armstrong) Nil (1930.5.8, Ogayo shtatidagi Uapakoneta shahri) — AQSh astronavt uchuvchisi. 16 yoshida uchuvchilik huquqini olgan. 1955 yilda Lafayett shahridagi (Indiana shtati) Perdyu universitetini bitirib, aviatsiya texnigi mutaxassisligini egallagan. Harbiy dengiz floti qismlarida xizmat qilgan. Lyuis tadqiqot markazida sinovchi-uchuvchi bo’lgan. Armstrong 1962 yildan astronavtlar guruhida. 1966 yil 16 martda Armstrong “Jeminay-8” kosmik kemasining komandiri sifatida (J. Skott bilan) fazoga uchdi. 1969 yil 16 — 24 iyulda “Apollon-11” kosmik kemasining komandiri sifatida E. Oldrin va M. Kollinz bilan birga tarixda birinchi marta oyga uchdi va u yerda 21 soat 36 minut bo’ldi. Armstrong Oyga birinchi qadam qo’ygan (1969 yil 21 iyulda) inson. Dasturni muvaffaqiyatli bajarib yerga qaytgan.