“Shajarayi turk”

“Shajarayi turk”, “Shajarai turk va mo’g’ul” (“turkiy xalqlar va mo’g’ullar shajarasi”) — tarixiy asar, muallifi Abulg’oziy Bahodirxon. Eski o’zbek tilida yozilgan. “Shajarayi turk” 13— 17-asrlardagi mo’g’ul va turk hukmdorlari haqidagi ma’lumotlarni, xususan, Markaziy Osiyo xonliklari, jumladan, Xiva xonligining muallif yashagan davrgacha bo’lgan tarixini o’z ichiga olgan. “Shajarayi turk” Abulg’oziy Bahrdirxonning o’limi tufayli nihoyasiga yetkazilmay qolgan bo’lsada, uning o’g’li Anusha Muhammadxon (1663— 87) topshirig’iga muvofiq, urganchlik tarixchi Maxmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan ba’zi ma’lumotlar bilan to’ldirilgan. “Shajarayi turk”ning yozilish sababi muallif tomonidan quyidagicha izohlangan: “ammo bizning otaaqalarimizning beparvoliqi va xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning (Abdullaxon II) otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur bo’ldi (va) ul sababdin o’zimiz aytduk”. Asar mo’jaz muqaddima va 9 bobdan tashkil topgan. “Shajarayi turk”ning 7, 8 va 9-boblari (1644 yilgacha kechgan voqealar) Abulg’ozixon tomonidan yozilgan. 1, 6-boblar va 9-bobning davomi (1644-64) Mahmud ibn Mulla Muhammad zamon Urganjiy tarafidan bitilgan. “Shajarayi turk”da ko’plab etnografik hamda Xorazmning ijtimoiyiqtisodiy ahvoliga doir ma’lumotlar bor. Asarning bizgacha yettidan ortiq qo’lyozma nusxasi yetib kelgan, ular Toshkent, Ashxobod, Sankt-Peterburgdagi fondlarda saqlanmoqda. “Shajarayi turk”omma tushunadigan tilda va ommabop usulda yozilganligi bilan ajralib turadi. Hodisalar bayonidagi ixchamlik, ifodaning izchilligi, voqealarni latifa va rivoyat uslubida sodda, ravon tasvirlash asarning muhim tomoni hisoblanadi. Manba Grammatik qurilishi, lug’at tarkibi nuqtai nazaridan xalq so’zlashuv tiliga yaqin turadi. Abulg’ozixon “Shajarayi turk”ni yozishda ilgari bitilgan bir nechta tarixiy asarlar, xususan, Rashiduddinning “Jome’ut-tavorix”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Muqaddimayi Zafarnoma”sidan kerakli o’rinlarda unumli foydalangan. Mazkur asar rus, frantsuz va nemis tillarida nashr etilgan. Ad.: Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; Ivanov S.N., “Rodoslovnoe drevo tyurok” Abulgazixana. Grammaticheskiy ocherk, T., 1969. Hamidulla Dadaboyev.