Shad, shod

Shad, shod — Turk xoqonligi boshqaruvidagi unvon. Qadimgi turk bitiktoshlarida, Xitoy, yunon, Arab manbalarida uchraydi. Xitoy manbalarida sha yoki she shakllarda qayd etiladi. Shad Turk xoqonligida bosh hukmdor — xoqondan keyingi o’rinda turuvchi yabg’udan so’ng eng yuqori unvon bo’lib, ushbu unvonga, asosan, xoqon xonadoniga mansub, biror o’lkaga ma’mur qilib tayinlangan va o’z qo’shiniga ega bo’lgan Tegin, shahzodalar sazovor bo’lishgan. Xoqonlikning Markaziy hokimiyatida xoqon, o’ng (to’las) va so’l (Tardush) qanotlari boshkaruvida Shadlar turar edi. Turk xoqonligi davrida Choch, Buxoro, Toxaristonni Shadlar boshqargani Xitoy va Arab manbalaridan ma’lum. Jumladan, xitoylik rohib Stan Szan 629-645 yillar oralig’ida G’arbiy Turk xoqoni tun yabgu (618-630) himoyatida G’arbiy o’lkalarga sayohat qilgan paytida Toxaristonda ham bo’ladi. Toxariston yabg’ularining markazi Qunduzda uni tun yabg’uning o’g’li tardushad qarshi oladi. Tardushad 7-8 asrlarda hukm surgan Toxariston yabg’ulari sulolasining asoschisi hisoblanadi. Shuningdek, Shi (Choch) da 7-asrning 2-yarmida Shuju Shad, Buxoroda 7-8 asrlarda Kono Shad, Tug’shoda (Tug’shad), Toxaristondagi Chag’oniyon hokimligida 710 yillarda Shad unvonli turkiy hukmdorlar bo’lishgan. Xazar xoqonligi (7-9-asrlar) va Uyg’ur xoqonligi (8-9-asrlar) boshqaruvida ham Shad unvoni nufuzli unvonlardan hisoblangan. Ad.: Abdurahmonov G’., Rustamov A., Qadimgi turkiy til, T., 1982.