Shuman rejasi
Shuman rejasi – G’arbiy Yevropa mamlakatlarini integratsiyalash, yagona iqtisodiy makonga birlashtirish bo’yicha birinchi reja. Frantsiya tashqi ishlari vaziri R.Shuman (1886-1963) tomonidan 1950 yilda ishlab chiqilgan. Shuman rejasida bir qator G’arbiy Yevropa mamlakatlarining toshko’mir, temir rudasi, metallurgiya sanoatini birlashtirish g’oyasi ilgari surilgan. Rejani amalga oshirish uchun 1951 yil 18 aprelda GFR, Frantsiya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg hukumatlari Parijda yagona Yevropa uyushmasini tuzishda birinchi qadam bo’lgan Yevropa ko’mir va po’lat birlashmasini tashkil etish to’g’risida shartnomani imzoladilar (1952 yil 25 martdan kuchga kirdi). Bu davlatlar o’rtasida 1957 yil 25 martda Rimda atom energiyasi bo’yicha Yevropa hamkorligi, Yevropa iqtisodiy hamjamiyatshsh tuzish to’g’risidagi shartnomalar ham imzolangan. Shuman rejasida ahdlashayotgan mamlakatlar o’rtasidagi boj to’lovlari va boshqalar kvota cheklovlarini bartaraf etish, umumiy Yevropa bozorini yaratish ishi bosqichmabosqich amalga oshirilishi lozimligi belgilab qo’yildi. Shuman rejasi G’arbiy Yevropaning birlashuvida Frantsiyaning etakchilik rolini mustahkamlashga xizmat qildi, shuningdek, bu reja Yevropani birlashtirishda Frantsiya uchun asosiy hamkor sifatida Buyuk Britaniyaga emas, Germaniyaga e’tiborni kuchaytirdi, uzoq asrlardan beri davom etib kelayotgan Frantsiya va Germaniya o’rtasidagi siyosiy ziddiyatlarga barham berdi. Shuman rejasining amalga oshirilishi G’arbiy Yevropa davlatlarining yagona ittifoqqa birlashish yo’nalishidagi birinchi qadam bo’ldi. Abduxalil Razzoqov.