Shumer tili
Shumer tili shumerlarning tili; miloddan avvalgi 2-ming yillik boshlarida o’lik tilga aylangan. Shumer tilining boshqa qadimiy tillar bilan qarindoshligi aniqlanmagan. Ushbu til miloddan avvalgi 29— 28-asrlardan 3-1-asrlargacha bo’lgan mixxat yozuvlaridan ma’lum. Shumer tili yodgorliklari qadimiy Shumer (miloddan avvalgi 25-asrgacha), “klassik” Shumer (miloddan avvalgi 24-22-asrlar), yangi Shumer (miloddan avvalgi 21-asr), so’nggi Shumer (miloddan avvalgi 2-ming yillik boshi; asosan, adabiy, ilmiy, qisman xo’jalik mazmunidagi matnlar) va Shumerdan keyingi davr yodgorliklariga bo’linadi. So’nggi yodgorliklar Shumer tili Mesopotamiyada Akkad tili bilan birga faqat ikkinchi adabiy til bo’lib qolgan davrda yaratilgan. Shumer tilini o’rgangan ko’pchilik tilshunoslar uni Oltoy tillari (turkiy, mo’g’ul, tungusmanjur, koreys tillari) bilan taqqoslaganlar va Shumer tili hamda Oltoy tillari (asosan, turkiy tillar guruhi) orasida bir qator o’xshashliklar borligini aniqlaganlar. Shumer tili va turkiy tillar orasida o’zaro qarindoshlik mavjudligi haqidagi fikrni birinchi marta nemis olimi F. Xammel (1928) o’rtaga tashlagan va 350 ga yaqin o’xshash so’zlar topgan. Bunday o’xshashliklar faqat leksika sohasida emas, balki so’z yasalishida va kelishik qo’shimchalari tizimida ham ko’zga tashlanadi. Bu masalani o’rganish davom etmoqda.