Shohmalik

Shohmalik, Amir Shohmalik, Amir G’iyosiddin Shohmalik (? — 1426.21.1, Xorazm, Mashhadda dafn etilgan) — Amir Temur va Shohrux saltanatida xizmat qilgan dongdor Amir. Amir Temur uni yoshligidan tarbiyalagan, harbiy salohiyatni o’rgatgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida Shohmalik dastlab Amir Temurning 5 yillik yurishi, aniqrog’i Takrit qal’asining olinishi (1393 yil) voqealari bayonida qo’shin boshlig’i sifatida eslatilgan; Muhammad Sultonni Hurmuz viloyatini egallashga jo’natganda esa, Shohmalik lashkar tarkibida hazorani (minglik qo’shin qismini) boshqargan. Shohmalik Amir Temurning Hindistonga yurishida faol qatnashgan lashkarning turli qismlarida tuman sardori bo’lgan. Amir Temurning 7 yillik yurishi chog’ida Shohmalik Sohibqironning eng ishonchli kishilaridan sanalgan. Sulton Boyazid bilan jangda Shohmalik nomdor no’yon sifatida lashkarning Markaziy (qo’l) qismiga belgilangan. Amir Temur O’tror shahrida vafot qilgan paytida Shohmalik uning yonida bo’lgan va oxirgi vasiyatlari, jumladan, Pirmuhammadni valiahd qilgani haqidagi vasiyatni bevosita eshitgan. Sohibqironning jasadi joylashgan tobut, oilasi, nevaralarini O’trordan Samarqandga olib kelishda bosh bo’lgan. Amir Temurning vafotidan so’ng, Samarqand taxtini Xalil Sulton egallagach, Shohmalik Mirzo Shohruxning o’g’illari Ulug’bek va Ibrohim Sultonni olib, dastlab Buxoroga, so’ngra Xurosonga Shohrux xizmatiga borgan. Shohrux Movarounnahrni to’la o’z ixtiyoriga olgach (1409-10), uni Ulug’bekka suyurgol qiladi va u hali yosh bo’lgani sababli, mamlakat ishlarini boshqarib turishga Shohmalikni mutasaddi qilib qoldiradi. Mazkur tadbirdan Ulug’bekning ko’ngliga malollik kelganini bilgan Shohrux (1411 — 12) Shohmalikni Xurosonga chaqirib oladi. Keyingi 1405-13 yillar davomida Shohmalik Shohruxning topshirig’i bilan Xuroson, Mozandaron, Movarounnahr, Xorazmga harbiy yurishlarda, isyonlarni bostirishda qatnashgan. Shohrux (1412— 13) Xorazmni Sh.ka butkul (darbasta) suyurg’ol qiladi. Shohmalik Xorazm hokimi bo’lganidan keyin ham Shohruxning g’arbiy viloyatlarga yurishlarida ishtirok etgan. Shohmalikning Temuriylar davri xalqaro elchilik munosabatlarida ham ma’lum hissasi bor. 1419-22 yillarda temuriylardan Xitoyga borib kelgan katta elchilik safarida Xorazmdan Shohmalikning O’rduvon ismli elchisi ham qatnashgan. Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn”ida keltirilishicha, Amir Temur o’z vaqtida Shohmalikning sadoqatli buyuk xizmatlarini qadrlab, juda ko’p joylarni unga suyurg’ol tarzida in’om qilgan. Shohmalik o’ziga tegishli mulklarda madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, rabotlar va hovuzlar kabi ko’p xayrli qurilishlarni amalga oshirgan, ularga ekinzorlar barpo etib vaqflar belgilagan. Shohmalik vafot qilgach, uning jasadini Xorazmdan Mashhadga keltirib, Imom Rizoning qabri yoniga o’zi qurdirgan maqbaraga dafn qilishgan. Omonullo Bo’riev.