Shug’non tizmasi

Shug’non tizmasi – G’arbiy Pomirdagi tog’ tizmasi. Tojikiston hududida. G’unt va Shohdara daryolari oralig’ida. Tizma g’arbdan sharqqa 100 kilometrga cho’zilgan. Suvayirg’ich qismi qoyali, ba’zi joylari abadiy qor va muzliklar bilan qoplangan. Muzliklarning umumiy maydoni 150 km2 ga yaqin. Eng baland joyi — qoyali cho’qqisi (5707 metr). Bundan tashqari, Shavash, Jerani, Yaxcha, Zarkaz cho’qqilari, Nimosdara, Do’zahsara dovonlari bor. Shug’non tizmasi granit, gneys, kristalli slaneslardan tuzilgan. Yon bag’irlari tik, qoyali; shuvoq, sho’ra, chalov, betaga va boshqalar o’simliklar o’sadi. Yon bag’irlarida ko’llar (Turintaygun, Dirimko’l, Rivako’l va boshqalar) bor. Qishi uzoq, sovuq; yozi qisqa, salqin. Daryo vodiylarida tol, terak, qayin, archa; quyi qismlarida mevali daraxtlar o’sadi.