Xon

Xon — turkiy va mo’g’ul xalqlari hukmdorlari unvoni. Dastlab qabila sardori, keyinchalik oliy hukmdorni anglatgan. Saljuqiylar va Xorazmshohlar davrida Xon viloyat, shahar hokimi yoxud darajasiga kura Amir yoki Malik lavozimlariga nisbatan yuqori hisoblangan, ayni paytda, mamlakat boshlig’i Sultonga tobe bo’lgan turkiy boshlikni bildirgan. Xon arslon, Bug’ra singari so’zlar bilan birikib Qoraxoniylar davlati hukmdorlarini anglatgan. Mo’g’ul imperiyasiga asos solgan Temuchin “Chingizxon” unvonini qabul qilgan. Imperiya hududida tashkil topgan ulus hukmdorlari ham Xon deb nomlangan. Chingizxon vafotidan so’ng, saltanat taxtiga o’tirgan chingiziylarga qoon unvoni berilgan. Mo’g’ul hukmronligi davrida Eronda nomusulmon hukmdorlar Xon, musulmon hukmdorlar esa, Sulton deb atalgan. Temuriylarda Chingizxon sulolasiga daxldor shaxslar Xon unvoni bilan yuritilgan. Shayboniylarda Xon hukmdor yoki taxt vorisini, Sulton esa Shahzodani ifodalagan. Safaviylar davrida Xon unvoni viloyat boshliqlari — amirlarga berilgan va ular o’z rutbalariga ko’ra, 3-tabaqali zodagonlar sifatida e’tirof etilgan. Ayni vaqtda Xon Eron va Afg’onis, tonning turli ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi qabilalari orasida qabila yoki urug’ sardori unvoni tarzida shuhrat topgan. Qo’qon va Xiva xonligi hukmdorlari ham o’zlarini Xon deb atashgan. Bu nom ularning chingiziylar bilan qarindoshlik rishtalari mavjudligiga ham ishora hisoblangan. Qojarlar davlatida (19-asr) turli darajadagi harbiy va ma’muriy amaldorlar, Hindistondagi musulmon davlatlarida turli martabadagi mansabdorlar ham Xon deb yuritilgan. Ad.:Bartold V. V., Sochineniya, t.2., ch. 1, M., 1963; Dadabaev X., Obtshestvenno- politicheskaya i sosialnoekonomicheskaya terminologiya v tyurkoyazichnix pamyatnikax XIXIV vv., T., 1991.