Xonobod

Xonobod (1972-91 yillarda Sovetobod) — Andijon viloyatidagi shahar (1972 yildan). Qoradaryoning o’ng sohilida. Temir yo’l stantsiyasi (Xonobod). Viloyatning sharqida joylashgan. Viloyat markazi (Andijon shahri) dan 80 kilometr. Aholisi 35,9 ming kishi (2004). Qo’qon xonligi davrida bu hudud “Beshkapa” deb yuritilgan. Mahalliy rivoyatga ko’ra, Qo’qon xonlari Xonobod atrofidagi to’qayzorlarga kelib shikor uyushtirib dam olishni xush ko’rganlar. Shu bois bu hudud obodonlashtirilgan (shahar nomi shundan). 1969 yil Qoradaryoda Andijon suv ombori qurilishining boshlanishi bilan Xonobodda aholi soni ko’paydi. Shaharda “Suv qurilish jihozlari”, “Andijon GES”, “elektronika”, “Tarandubitel” korxonalari, 2 avtokorxona, “XonBugda”, “O’zKoji”, “Andijonkabel” qo’shma korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Aloqa uyi, “Xotira maydoni”, 2-jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik, Alisher Navoiy va Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog’lari, Fozilmonota ziyoratgohi, raqs va kulgi maydoni mavjud. “Andijon suv ombori” muzeyi, 6 kutubxona, 4 kasb-hunar (sanoat, maishiy xizmat, kompyuter, pedagogika) kolleji ishlab turibdi. Markaziy kasalxona, bolalar poliklinikasi, tug’ruqxona va boshqa tibbiy muassasalar (200 o’rin) aholiga xizmat ko’rsatadi. Tez tibbiy yordam bo’limi, Sultonobod, Xidirsha qishloq vrachlik punktlari bor. Shahar hududidan mahalliy ahamiyatdagi Andijon — Xonobod avtotrassasi va O’sh — Bishkek xalqaro avtomobil trakti o’tgan.