Xoja Bahriddin maqbarasi

Xoja Bahriddin maqbarasi — Toshkent shahridagi me’moriy yodgorlik (19-asr o’rtalari); sufiylik tariqati vakili Xoja Bahriddin dono qabri ustiga qurilgan. “Qo’shchimozor” qabristonida joylashgan. Maqbara peshtoqgumbazli qilib pishiq g’isht (24,5x25x4,5 santimetr)dan qurilgan xona va uning g’arbidagi sinch devorli oldi ayvonli ziyoratxonadan iborat. Makbara tarhi to’rtburchak (4,6×5,4 metr), devorning tashqi sirtidagi g’isht choklari ganch qorishmasi bilan to’ldirib, tekislangan. Peshtoqning g’arbiy tomonidagi derazadan xonaga yorug’lik tushadi. Maqbara ichki devorlariga ravoqlar ishlangan. Gumbaz (diametri 2,5 metr) va xonaning tomonlari teng, gumbaz ostidagi davra devor Toshkent me’morligiga xos, ya’ni tepaga tomon kichrayib boradi; gumbaz poygumbazdan g’ishtin sharafa bilan ajratilgan. Xoja Bahriddin maqbarasi Toshkent me’morligi an’analarida qurilgan maqbara namunasidir.