Xovos

Xovos — Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi shaharcha (1960 yildan), tuman markazi (2004 yildan). Temir yo’l chorrahasi. 1899 yilda Ursatevskaya temir yo’l stantsiyasi sifatida barpo etilgan. Katta O’zbekiston trakti yonida, viloyat markazi (Guliston shahri) dan 30 kilometr. Aholisi 27,3 ming kishidan ziyod (2004). Xovosda neft bazasi, g’isht, keramika, uzumni qayta ishlash zavodlari, un va non kombinatlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, O’zbekiston — Xitoy “Xovosfusin” qo’shma korxonasi (kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradi), dehqon bozori bor. 5 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji, kutubxonalar, madaniyat saroyi, klub muassasalari, Markaziy stadion, Markaziy kasalxona, temir yo’l kasalxonasi va poliklinikasi, tez tibbiy yordam, tashxis markazlari mavjud. Xovos temir yo’l stantsiyasi orqali Toshkent—Namangan—Andijon poezdlari o’tadi. Xovos — Guliston, Xovos — Farhod yo’nalishlari bo’yicha avtobuslar qatnaydi.