Xalqlarning buyuk ko’chishi
Xalqlarning buyuk ko’chishi – Yevropada milodiy 4-7-asrlarda germanlar, slavyanlar, sarmatlar va boshqa qabilalarning Rim imperiyasi hududiga o’tishidan iborat yalpi etnik ko’chishlarning shartli nomi. 4-asrning 70-yillaridan boshlab gunnlarning ommaviy ravishda g’arbga siljishlari Xalqlarning buyuk ko’chishiga bevosita turtki bo’lgan. Gunnlar Uralbo’yidan yurish boshlab taxminan 370 yil Volgani kechib o’tganlar, so’ngra bo’ysundirilgan alanlar bilan birga Shimoliy Qora dengiz sohillarida yashovchi gotlarta hujum qilganlar (375). 376 yil kuzida gunnlar tazyiqiga bardosh berolmagan vestgotlarning bir qismi Rimning ruxsati bilan imperiyaga tegishli Dunayning Janubdagi hududga joylashganlar. Biroq hukumat amaldorlarining zo’ravonligi natijasida vestgotlar 377 yil qo’zg’olon ko’targanlar. 378 yil 9 avgustda Rim qo’shini Adrianopol yaqinida qo’zg’olonchilar tomonidan tormor keltirilgan. Gotlar, alanlar va gunnlarning imperiyaga tazyiqi to’xtatilgan, lekin gotlar Dunay daryosi va Bolqon tog’lari orasidagi hududda Rim federati sifatida yashay boshlagan, Rim armiyasida varvarlashuv jarayoni kuchaygan. 4-asr oxiridan varvarlar tazyiqi yangidan avjga chiqqan. 394-395 yillar qishida gunnlar Suriya va Kappadokiyada chopkun uyushtirganlar. Vestgotlar Alarix I boshchiligida Yunonistonni talontoroj etib, Illirikada muqim o’rnashganlar. 410 yil 24 avgustda ular Rimni egallab, uni talaganlar. Garchi gotlar 27 avgustdayoq Rimdan ketgan bo’lsalarda, “abadiy shahar”ning kulashi ulkan ma’naviy ahamiyatga ega bo’lgan. 5-asr mobaynida german qabilalari G’arbiy Rim imperiyasining butun hududi bo’ylab joylashib, bu yerda bir necha varvar qirolliklarini barpo etganlar. Xususan, Galliyaning Janubi g’arbida markazi Tuluza shahri bo’lgan Vestgot qirolligi (418 yil; u keyinchalik Ispaniyaga ham tarqalgan), shimoliy Afrikada vandallar qirolligi (429-439), Italiyada ostgotlar qirolligi (493), Shimoliy Galliyada Franklar qirolligi (476 yil; keyinchalik u ko’plab varvar qirolliklarini tobe etgan), Galliyaning Janubi sharqida markazi Lion shahri bo’lgan burgundlar qirolligi (taxminan 457 yil); angllar, sakslar, yutlar 5-asr o’rtalaridan boshlab Britaniyani bosib ola boshlaganlar va 6-asr oxiri — 7-asrda bu yerda o’zlarining bir qancha qirolliklarini barpo etganlar. 5-asr boshida O’rta Dunay (Pannoniya)da o’rnashib olgan gunnlar Attila davrida (434— 453) Galliya va Italiyani egallashga harakat qilganlar. Biroq Katalaun jangi (451)dan so’ng ularning Ittifoqi parchalanib ketgan. Imperator Yustinian I davrida Sharkiy Rim imperiyasi (Vizantiya) varvarlardan shimoliy Afrika, Italiya va Ispaniyaning bir qismini qaytarib olib, bu yerlarda Rim tartibotlarini qisman tiklashga erishgan. Xalqlarning buyuk ko’chishining so’nggi bosqichi 6-asr oxiri — 7-asrlarga to’g’ri kelgan. 568 yil langobardlar shimoliy va O’rta Italiyada muqim o’rnashganlar. Slavyanlar — avarlar va protobolgarlar (bulg’orlar) ko’magida Bolqon yarim orolida mustahkam joylasha boshlashgan, natijada 7-asrga kelib bu hudud aholisi, asosan, slavyanlardan iborat bo’lib, ular o’z knyazliklarini tuzganlar, slavyanlarning bir qismi kichik Osiyoga, Vizantiya imperiyasi hududiga borib joylashgan. Slavyanlar g’arbga — alemannlar va sakslar egallagan hududlarga qadar tarqalishgan. Xalqlarning buyuk ko’chishining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy oqibatlari juda ulkan bo’lgan. U G’arbiy Rim imperiyasining qulashiga olib kelgan. Ad.: Udalsova Z. V., Italiya i Vizantiya v VI v., M., 1959.