Xalqaro birliklar tizimi
Xalqaro birliklar tizimi (Si — Sisteme Internationale) — fizik kattaliklarning asosiy va hosilaviy o’lchov birliklar tizimi. O’lchov va tarozilar bo’yicha Parijda o’tkazilgan 11-Bosh konferentsiyada qabul qilingan (1960). Xalqaro birliklar tizimini yettita asosiy birlik, ikkita qo’shimcha birlik va hosilaviy birliklar tashkil etadi. Asosiy birliklar: uzunlik birligi — metr (m), massa birligi — kilogramm (kg), vaqt birligi — sekund (s), termodinamik tra birligi — Kelvin (K), tok kuchi birligi — amper (A), yorug’lik kuchi — sham, kandela (KD) va modda miqdori — mol (mol). Qo’shimcha birliklar: yassi burchak birligi — radian (rad), fazoviy burchak birligi —steradian (ster). Hosilaviy birliklar asosiy o’lchov birliklaridan foydalanib ma’lum fizik qonuniyat asosida aniqlanadi. Bunda koeffisient o’lchamga ega emas va birga teng deb olinishi kerak. Fizik kattalikning berilgan birliklar tizimidagi asosiy fizik kattaliklar o’lchamlari bilan bog’lanishi ifodasiga shu kattalikning o’lchamli’gi deb ataladi. Si tizimida asosiy kattaliklar uzunlik, massa, vaqt, elektr toki kuchi, termodinamik temperatura, yorug’lik kuchi, modda miqdori o’lchamliklari mos ravishda L, M, T, I, Q, J, L orqali ifodalanadi. Xalqaro birliklar tizimi fan va texnikaning barcha sohalarini o’z ichiga kamrab oladi. Xalqaro birliklar tizimida mexanik, issiqlik, elektr, magnit va boshqa kattaliklar o’zaro bog’langan bo’ladi. Ushbu tizimning asosiy va hosilaviy birliklari amaliy o’lchashlar uchun juda qulay hisoblanadi.