Xalqaro madaniyat karvonsaroyi
Xalqaro madaniyat karvonsaroyi — O’zbekiston badiiy akademiyasining ilmiy-ma’rifiy markazi. 2002 yil o’zbek-yapon hamkorligi rivojida tashkil bo’lgan. Binosi Xirayama Ikuo mablag’iga qurilgan. Bino 2 qism (A va B blok) dan iborat: A blokda kutubxona, konferentsiya zali, ma’muriy xonalar, laboratoriya va boshqalar, B blokda “Buyuk ipak yo’li keramikasi” muzeyi, ko’rgazma zali, arxeologik topilmalarni ta’mirlash laboratoriya joylashgan. Madaniyat karvonsaroyi tarix, madaniyat, arxeologiya, etnografiya va san’at yo’nalishlarini o’z ichiga oladi. Markazning asosiy vazifasi — Buyuk ipak yo’li davlatlari, G’arb va Sharq, O’zbekiston tarixi, madaniyati, san’ati va ilmfanini chuqur o’rganish va targ’ib qilish, bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O’zbekiston Respublikasi va chet el hamjamiyatining shu sohalar bo’yicha bilim darajasini kengaytirish. Xirayama Ikuo jahon madaniyati va san’ati rivojini o’z ichiga olgan 2 mingta kitobni markaz kutubxonasiga takdim etdi, 2004 yil Yaponiya hukumati ko’rgazma uskunalar majmuasini sovg’a qildi. Markazda xalkaro anjumanlar, ko’rgazmalar, kontsertlar, ijodiy uchrashuvlar o’tkazish an’anaga aylandi. Shuningdek, o’zbekyapon arxeologik ekspeditsiyalar hamkorligining kelajak yo’llanmalari belgilanmoqda. “Buyuk ipak nuli keramikasi” muzeyi faoliyat ko’rsatmoqda. Muzey O’zbekiston hamda Xitoy, Eron, Vetnam kabi xorijiy davlatlarning qadimgi kulollik maktablariga oid to’plamlar, arxeologik ekspedisiyalar davrida topilgan (Toshkent viloyatidagi qanqa, Surxondaryodagi qadimgi yodgorliklar) noyob eksponatlarga ega.