Xinagul
Xinagul (Impatiens balsamina) — xinadoshlarga mansub bir yillik o’t; ekma gul. Asosan, Osiyo va Afrikada, ba’zi vakillari Yevropa va Amerikada o’sadi. O’zbekistonda manzarali o’simlik sifatida hovlilarda ekiladi. Poyasi tik shoxlangan, tanasi etli, bo’yi 30— 60 santimetr. Barglari oddiy, tuxumsimon, ketma-ket joylashgan. Gullari oq, pushti, qizil, oddiy yoki qatma-qat, barg qo’ltig’idan chiqadi. Iyul—oktabrdan gullab mevalaydi. Mevasi sersuv ko’sakcha. Urug’lari cho’ziq yoki dumaloq. Mevasi yetilgach, charsillab yorilib, urug’lari atrofga sochilib ketadi. Urug’i mart oyi oxirida sepiladi. O’zbek xonadonlarida qadimdan Xinaguldan qizjuvonlar soch va tirnoqlarini bo’yashda foydalanishgan. Tibbiyotda maydalab yanchilgan bargpoya qismi tirnoq va teri kasalliklarini davolashda ishlatiladi.