Xachaturyan Aram Ilich
Xachaturyan Aram Ilich (1903.6.6, Tbilisi yonidagi Kojori kishlog’i — 1978.1.5, Moskva, Yerevanda dafn etilgan) — kompozitor, dirijyor. Millati arman. Xalq artisti (1954), mehnat qahramoni (1973), Armaniston (1938), Rossiya (1944), O’zbekiston (1967)da xizmat ko’rsatgan san’at arbobi. Moskva konservatoriyasini tugatgan (1934). Gnesinlar nomidagi Musiqa pedagogika instituti hamda Moskva konservatoriyasida (1950 yildan) dars bergan (1952 yildan professor). Xachaturyan musiqasi o’ta jo’shqinligi, hayotbaxshligi, kuylar jozibadorligi, garmoniya va orkestr bo’yoqlarining rangbarangligi bilan ajralib turadi. Ijodida Kavkaz xalqlari (ayniqsa, arman) musiqa (Gusanlar, oshiqlar san’ati va boshqalar) an’analarini zamonaviy kompozitorlik ijodiyoti tamoyillari bilan uzviy bog’lab, o’ziga xos uslubini yaratishga erishgan. Fortepiano (1936), skripka (1940), violonchel va orkestr uchun (1946) kontsertlari, “gayane” (1942, birinchi milliy baleti) va “Spartak” (1954) baletlari, simfonik syuitalar (“Maskarad”, 1944 va boshqalar) dunyoga mashhur. Shuningdek, Xachaturyan 3 simfoniya (1934-47), 3 kontsertrapsodiya (1961— 68), kamer asarlar, qo’shiqlar, spektakl va kinofilmlarga musiqa va boshqalar muallifi. O’zbek va Kavkaz xalq kuylari asosida trio (1932), “raqs syuitasi” (1933) ni yaratgan. Italiya, Germaniya va boshqa san’at akademiyalarining faxriy a’zosi. Dirijyor sifatida Yevropa, Amerika, shimoliy Afrika, Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan.