Xarasimon suvo’tlar

Xarasimon suvo’tlar (Charophyta, charophyceae) — yuksak tuzilgan suvo’tlar guruhi. Tuzilishi qirqbo’g’imlarga o’xshaydi. Bo’yi 1 metrgacha. Tanasi bo’g’imlarga bo’lingan; “poya” va “barg”lardan, har bir bo’g’imda halqa bo’lib joylashgan kalta tsilindrsimon shoxchalardan iborat. Har bir halqadagi barglardan birining barg qo’ltig’idan asosiy poyaga o’xshagan yon “poya” o’sib chiqadi. Tanasining pastki qismi balchiqqa yoki qumga botib turadi. Vegetativ ko’payadi. Xarasimon suvo’tlar paleozoy erasining o’rtalarida keng tarqalgan, to’rt qabilasi qolgan. 3 oila va 7 turkumga birlashgan 300 turi ma’lum. O’zbekistonda nitella, nitellopsis, lamprotamnium va boshqa turlari tarqalgan. Xarasimon suvo’tlar ko’pincha chuchuk va sho’r suvli havzalarda uchraydi. O’zbekistonda, asosan, ko’l, zovur, sholipoya va qisman Daryo, ariq va buloqlarda xarazorlarni hosil qiladi. Bir gektar maydondan 30-330 tonna to’yimli va ozuqabop biomassa olinadi.