Shamol dvigateli
Shamol dvigateli – shamol oqimining kinetik energiyasini mexanik energiyaga aylantiradigan qurilma. Asosiy qismlari: rotor, parrakli baraban, shamol g’ildiragi va boshqalar. Karusel (rotorli), qanotli va barabanli xillarga bo’linadi. Karusel Shamol dvigateli ish organining aylanish o’qi vertikal joylashgan bo’ladi. O’qning bir tomoniga joylashgan parraklarga shamol ta’sir qiladi, parrakning aylanma tezligi shamol tezligidan oshmagani uchun atigi 15 foizi mexanik energiyaga aylanadi. Shuning uchun kamroq ishlatiladi. Qanotli Shamol dvigatelida o’q shamol yo’nalishiga nisbatan gorizontal va parallel joylashadi. Bunday Shamol dvigateli keng tarqalgan, unda shamol energiyasining 48 foizi mexanik energiyaga aylanadi. Barabanli Shamol dvigatelida baraban Vali shamol oqimiga nisbatan gorizontal va perpendikulyar joylashgan bo’ladi. Shamol dvigateli quvvati shamol g’ildiragining diametriga, shamolning tezligiga bog’liq. Shamol dvigateli, asosan, shamol energetikasida ishlatiladi.