Shoyi, shohi
Shoyi, shohi — ipak mato; 19— 20-asr o’rtalarida O’rta Osiyoda barcha ipakchilik rivojlangan yirik markaz (Farg’ona, Buxoro va boshqalar)larda ishlab chiqarilgan. Shoyining arqoq va tanda iplari bir xil ingichka ipak iplardan iborat bo’lib, sodda to’qilgan: har bir arqoq ip orasiga tanda iplar tushgan, yuzasi silliq, o’ngtersi bir xilda bo’lgan; eni 33-35 santimetr, 20-asr 30-yillaridan 50-54 santimetrga kengaygan. Shoyining gulsiz sidirg’a va gulli (abr gulli), yo’lyo’l, katak gulli xillari ma’lum. Turli ipakchilik markazlarining Shoyilari qalinyupqaligi, gullari, rangi (Koloriti) bilan farqlangan. Farg’ona Shoyisi yupqa va pishiqligi, yumshoq va mayinligi bilan boshqa Shoyilardan ajralib turgan; abr gullari to’lqinsimon yoki uslublashtirilgan novda, gul shaklida, rangi binafsha, sariq, feruza, kulrang. Buxoro Shoyisi qalin to’qilgan, tanda iplari zich- ligi tufayli qattiq, g’ijimlanmaydigan hamda suv o’tkazmaydigan bo’lgan; gullari katta doira, tuxumsimon shakllarda, ikki chetlari qator yo’llar, 8 yoki to’lqinsimon chiziqlar bilan hoshiyalangan; rangi ko’proq qizil va sariq, oq, nafarmon, och nastarin, feruza ranglar. 20-asr boshida Samarqand, Toshkentda Farg’onadan keltirilgan yo’lyo’l Shoyi keng tarqalgan; binafsha, qora, oq va tilla rang — sariq yo’lli Shoyidan kiyim kiyish urf bo’lgan. Sh.dan kishilik ko’ylaklar, belbog’ va boshqalar tayyorlangan, erkak hamda xotinlarning zar chopon va Baxmal to’nlari astarlariga, badiiy buyumlar (so’zana, choyshab va boshqalar)ga ishlatilgan. Shoyi Buxoroda 20-asr boshlarigacha, Farg’ona vodiysida 60-yillargacha ishlab chiqarilgan. Sayyora Mahkamova.