Shashmaqom

Shashmaqom (forscha — olti va maqom) — o’zbek va tojik xalqlari musiqiy merosida Markaziy o’rin tutgan maqomlar turkumi; parda, ohang, usul, shakl, uslub kabi vositalar bilan o’zaro uzviy bog’langan mumtoz kuy va ashulalar majmui. U muayyan shart-sharoitlarda musiqiy folklor hamda kasbiy musiqa yo’nalishlarida orttirilgan ko’p asrlik ilmiy-ijodiy tajriba hamda izlanishlar natijasida yuzaga kelgan. Shashmaqom milliy hamda mintaqaviy mumtoz musiqa an’analarining tarixan uzun taraqqiyot jarayoni natijasida bir qator bastakorlar avlodi san’atining qomusiy mahsulidir. O’rta asr yaqin va O’rta Sharq xalqlari musiqa ilmida maqom, asosan, parda tuzilmalari tushunchasini hamda ularga mos holda yaratilgan quy va ashulalarni ifodaladi. Maqomlar dastlabki davrda tarqoq shakllarda rivojlandi, 13-asrda esa Safiuddin al-Urmaviy ularni o’n ikki asosiy maqomdan iborat nazariy tizim shakliga keltirdi. 17-asrdan so’ng o’n ikki maqom tizimi inqirozga uchrab, uning negizida Sharq xalqlari orasida maqomlarning yangicha milliy va mahalliy shakllari vujudga kela boshladi. Xususan, 18-asrning o’rtalarida O’rta Osiyoning yirik madaniy markazlaridan biri Buxoro shahrida saroy sozanda, xonanda va bastakorlari ijodiy-ijrochilik faoliyatida Shashmaqom uzil-kesil shakllanib, Buxoro maqomlari, Buxoro Shashmaqomi nomlarida ham yuritildi. O’zbek maqom turlaridan Xorazm maqomlari, Farg’onaToshkent maqom yo’llari, shuningdek, yovvoyi (erkin ko’rinishdagi) maqomlar, surnay, dutor yo’llari va boshqalar Shashmaqom ta’sirida rivojlandi. O’tgan zamon bastakorligida keng qo’llanilgan amal, kor, naqsh, peshrav, savt, tarona, qavl kabi janrlarning noyob namunalari Shashmaqom tarkibida bizgacha yetib keldi. Shashmaqom Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh va Iroq maqomlaridan tashkil topgan bo’lib, jami 250 dan ortiq har xil shakldagi kuy va ashula namunalaridan iborat. Shu qunga qadar sozanda, Hofiz va bastakorlar maqom yo’llarining qo’plab ijroviy talqinlarini kashf etdilar, ovoz, tanbur, surnay, dutor va boshqalar maqom yo’llarida bir qismli va turkumli asarlar ijod qildilar, ular asosida yangi kuy va ashulalar yaratdilar. Maqomlar sozanda va xonandalar tomonidan yakka tarzda, shuningdek, jo’rovozlik va jo’rnavozlikda ijro etib kelingan. Xususan, Buxoro amirlari saroyida eng so’nggi davrda jo’rnavozlik asosan, 2 tanbur, 2 doira (doirachilar xonanda ham bo’lgan), afg’on rubobi, Sato yoki qo’biz, imkonga ko’ra bo’lamon cholg’ularidan iborat bo’lgan. Maqom ijrochiligida tanbur etakchi soz hisoblanadi. Chunki u torlarini maqom pardalariga moslab sozlashda va maqom yo’llarini mukammal yangratishda birmuncha qulayliklarga ega. Doira esa sozanda va xonandalarning Shashmaqom qismlarini belgilangan usul negizida ijro etishlari uchun zarur vosita bo’lib xizmat qiladi. Har bir maqomning bosh tovushqatori o’ziga xos va nisbatan barqaror bo’lib, turkumning to’liq musiqiy ijro jarayonida uning pardalarida ayrim o’zgarishlar ham sodir bo’lib turadi. Chunki Shashmaqom shakllanishida maqomlar tarkibiga 12 maqomdan mazkur maqom pardalariga yaqin, kuy mavzui tabiatiga ohangdosh o’zga sho”ba va maqom yo’llari ham kiritilgan. Ularning ladtonalligi asosiy maqom yo’llariga ba’zan mos kelmasligi ham mumkin. Shashmaqomni tashkil etgan maqomlarning har biri ikki — cholg’u (mushkilot) va ashula (Nasr) yirik bo’limlaridan iborat. Cholg’u bo’limlarida bir xil nom bilan ataluvchi cholg’u qismlari mavjud bo’lib, ohanglari o’zlari mansub bo’lgan maqom kuyiga xos, doira usullari esa bir xildir. Ulardan asosiylari tasnif, Tarje, Gardun, muxammas va Saqil deb ataladi. Bu kismlar maqom nomlariga qo’shib (masalan, Tasnifi Buzruk, Tarjei Dugoh, Garduni Segoh kabi), ayrimlari esa bastakorlar nomi bilan birga (masalan, Muxammasi nasrulloyi, Saqili Islimxon) ataladi. Ba’zi cholg’u qismlari alohida nomga ega (masalan, Nag’mai orazi Navo), Dugoh va Segoxda esa maqom nomi bilan qo’shib aytiladi (masalan, Peshravi Dugoh, Samoi Dugoh, Xafifi Segoh). Sh.ning cholg’u qismlari xona va bozgo’y kuy tuzilmalaridan tashkil topadi. Bunda muntazam ravishda o’zgaruvchi xonalarning rivoj- lanishi uchun qo’llanadigan peshrav uslubi alohida ahamiyat kasb etadi. Tasnif, Tarje, Nag’mai Oraz, Samoi, Xafif kabi cholg’u qismlari bir-biriga o’xshash, kichik hajmli; gardun va peshrav birmuncha rivojlangan; muxammas va Saqil yo’llari uzun va murakkab doira usullari negizida ijod etilgan. Shashmaqom cholg’u yo’llarining ichki tuzilishi murakkab bo’lsada, o’zining ravon ohangdorligi va rangbarangligi bilan shu maqom quy mavzulari bilan bevosita bog’liqdir. Bu asarlar teran falsafiy va turfa lirik kayfiyatlarni ifodalaydi, tinglovchilardan esa eshitish ko’nikmalariga ega bo’lishni talab etadi. Odatda, Shashmaqom cholg’u qismlari birin-ketin yaxlit tarzda ijro etilgandan so’ng uning “Nasr” bo’limiga o’tiladi. Ashula qismlari ancha murakkab shakldagi sho’balar, ularning tarona yoki shoxobchalaridan iborat. Bular ham yaxlit turkum tarzida ijro etiladi. Shashmaqom ashula bo’limlari tuzilish jihatidan bir-biridan farqlanadigan ikki toifa sho”balar guruhidan tashkil topgan; birinchisiga Saraxbor, talqin, Nasr deb nomlanuvchi sho”balar va yakuniy Ufar qismi, ikkinchisiga esa, asosan, Savt va Mo’g’ulcha nomli sho’balar va ularning shoxobchalari kiradi. Shashmaqomdagi nomdosh sho’balar (Saraxbori Buzruk, Saraxbori Navo va boshqalar)ning kuy-ohanglari turlicha bo’lsada, doira usuli va kuylariga bog’lab aytiladigan she’r vaznlari bir xildir. Sho’balarning ikkinchi guruhida Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar deb nomlanadigan shoxobchalar mavjud va ular shu nomdagi o’ziga xos doira usullarida yangraydi. Shashmaqom sho’balarining rivojlanishida avj va namudlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular ashulaning yirik shakl olishi va mazmunan chuqurlashishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi. Namudlar maqom yo’llarida yakka avj yoki guruh tartibida erkin ishlatiladi. O’tmishda hofizlarning xohish va imkoniyatiga qarab namudlar soni (bir sho’bada 4 tagacha) o’zgarib turgan. Shashmaqom ashula bo’limi sho’balari shaklan barkamol bo’lib, ichki tuzilmalar tarkibi turlicha bo’lishi mumkin. Masalan, har bir sho’ba yo’li cholg’u muqaddimasi bilan boshlanadi. Keyin daromad nomli bosh xat ijro etiladi va o’rta pardalarda bayon etiluvchi miyonxat jumlalariga o’tiladi. Urniga qarab dunasr tuzilmasida yuqori pardalar zabt etiladi. So’ngra sho’balarga xos avjda namudlar aytilib, ashula yo’li miyonxat orqali yoki usiz ulanib ketadigan furovard (tushirim) tuzilmasi bilan yakunlanadi. Ba’zi sho’balar tuzilishi boshqacharoq bo’lishi ham mumkin. Shashmaqom ashula bo’limining birinchi guruh sho’balari turkumli tarzda yaxlit ijro etilganida, Saraxbor bilan boshlanib, so’ng uning taronalari (6 tagacha) o’qiladi. Taronalarning oxirgisi talqin doira usulida aytiladigan suporish qismi vositasi bilan talqin sho’basiga silliq ulanib boradi. Talqin taronasi ijro etilib, Nasr doira usulidagi suporish orqali Nasr sho”basi va uning taronalariga o’tiladi (Nasr sho’ba namunalari bitta maqomda 2-3 tagacha yetadi). Oxirgi Nasr sho’basi, odatda, taronasiz o’qilib, bevosita Ufar ashula yo’llariga qo’shiladi va oxirgi suporish bilan turkum yakunlanadi. Shashmaqom ashula bo’limining ikkinchi guruhidagi sho”balar o’zaro bog’lanmagan tarzda mustaqil ashula yo’llari hisoblanib, ularning har biri, asosan, 5 qismli turkumni tashkil etadi. Mas, asosiy Savt yoki Mo’g’ulcha ashula yo’lidan keyin unga ushbu kuy mavzuining yangicha vazn usulli (Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar) namunalari navbatma-navbat ulanadi. Maqomlarning tarixiy, nazariy, estetik masalalari uzoq o’tmishdan shu kunga qadar musiqashunoslar tomonidan har tomonlama o’rganilmoqda. Xususan, O’rta asrlar musiqa risolalarida Sharq mumtoz musiqasiga xos pardalad tuzilmalari keltirilib, maqomot hamda xalq musiqasiga xos tovushqator va usullar tuzilishi haqida mulohazalar yuritilgan. 19-asr boshi va o’rtalarida Shashmaqomga oid maxsus yozma she’riy to’plam — bayozlar yuzaga keldi. Ularda maqomlarga aytilgan g’azal matnlari keltirilgan, maqom va sho’balar nomlari hamda ijro etiladigan ashulalar turkumining tartibi ko’rsatilgan. Komil Xorazmiy va uning o’g’li Muhammad Rasul tanbur chizig’i yordamida yozib olgan Xorazm maqomlari ham Shashmaqomning 19-asr namunalari haqida qimmatli ma’lumot beradi. Shashmaqom ashula yo’llarida o’zbek hamda fors mumtoz shoirlaridan Rudakiy, Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Hofiz, Amiriy, Nodira, Zebunniso, Ogahiy va boshqalarning ishqiylirik, falsafiy, nasihatomuz, diniy mazmundagi g’azallari, shuningdek, xalq to’rtliklari jalb etilgan. Shashmaqom, asosan, og’zaki tarzda avloddan-avlodga ustoz-shogird an’anasida o’tib keldi. 1920-yillarda Buxoro, Samarqand, Toshkent shahrilarida maxsus musiqa maktablari, bilim yurtlari tashkil qilinib, ularda maqom va xalq musiqa namunalarini o’zlashtirishga e’tibor qaratildi; Ota Jalol, Otag’iyos Abdug’aniyev, Domla Halim Ibodov, Shorahim Shoumarov, Abdusoat Vahobov, Usto Shodi Azizov kabi maqomdon sozanda va hofizlar yoshlarga saboq berish uchun jalb etildilar. Shashmaqomni ilk bor V.A.Uspenskiy Ota Jalol va ota G’iyos ijrolaridan hozirgi nota yozuviga olib nashr ettirdi (“Shashmaqom, Shest muzmkalnix Poem”, M. — Buxoro, 1924). Mulla Bekjon Rahmon o’g’li va Muhammad Yusuf Devonzodaning “Xorazm musiqiy tarixchasi” (M., 1925), Fitratning “O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi” (Samarqand — T., 1927) risolalari 20-asr maqomshunosligining dastlabki namunalari bo’lib, qimmatli ma’lumotlarga ega. Shashmaqomni o’rganishga, ayniqsa, 1950-yillardan ko’proq ahamiyat berila boshlandi. I.Rajabov qalamiga mansub “maqomlar masalasiga doir” (T., 1963) tadqiqoti o’zbek maqomshunosligi rivojlanishini yangi bosqichga ko’tardi. Tojikistonda B. Fayzullaev, Sh.Sohibov va F. Shahobovlar o’z ijrolarida notaga olib, V.M.Belyaev tahriri ostida Shashmaqomning 5 jildini nashr ettirdilar (“Shashmaqom”, M., 1950-67). O’zbekistonda Shashmaqomni Yunus Rajabiy o’zi va boshqalar sozanda va xonandalar ijrosidan yozib olib, ikki marta — “O’zbek xalq musiqasi” (V j., T., 1959) va “Shashmaqom” (I—VI j. lar, T., 1966— 75) nomi bilan nashr ettirdi. Toshkent konservatoriyasida “Sharq musiqasi” kafedrasi (1972 yil), u asosda “musiqiy sharqshunoslik” va “an’anaviy ijrochilik” (1992 yildan) kafedralari orqali Shashmaqomni ilmiy o’rganish va amaliy o’zlashtirish oliy, o’rta maxsus hamda boshlang’ich ta’lim bosqichlarida yo’lga qo’yildi. 1983 yildan boshlab maqom ij- rochilarining respublika tanlovi (1991 yildan Uu.Rajabiy nomida) muntazam o’tkazib kelinmoqda. O’zbek xalqi musiqa boyliklari asosida yuzaga kelgan Shashmaqom, o’z navbatida, zamonaviy musiqa san’ati rivojlanishiga samarali ta’sir ko’rsatdi. O’zbekiston bastakorlari va kompozitorlari o’z ijodida Sh.dan keng ko’lamda foydalanishni davom ettirmoqdalar. Bulardan M.Ashrafiy, M.Burhonov, K.Jabborov, T.Jalilov, D.Zokirov, S.Kalonov, Yu.Rajabiy, T.Sodiqov, Fahr.Sodiqov, M.Tojiev, O.Hotamov va boshqalar yaratgan ashula, romans, xor, simfoniya va opera asarlarida maqomlar salohiyatini oshirishda salmoqli yutuqlarni qo’lga kiritishgan. “O’zbektelefilm” studiyasi tomonidan “Shashmaqom” filmi suratga olingan (1972, rej. T.Akromov). Hozirgi davrda O’zbekiston bo’ylab Shashmaqomni ijro etishga ixtisoslashgan professional ansambllar, havaskor badiiy jamoalar maqomlarni ijodiy o’zlashtirish hamda targ’ib etish borasida samarali faoliyat ko’rsatmoqdalar. Ad.: Rajabov I., Maqomlar masa- lasiga doir, T., 1963; Ibrohimov O., Maqom va makon, T., 1996; Matyoqubov O., Maqomot, T., 2004. Ishoq Rajabov, Ravshan Yunusov.