Shimoliy Karolina

Shimoliy Karolina – AQShning Sharqiy qismidagi shtat. Maydoni 136,4 ming km2. Aholisi 8,3 million kishi (2002). Ma’muriy markazi — roli shahri shtatning Sharqiy qismi Atlantika bo’yi pasttekisligida, g’arbi Appalachi tog’lari (eng baland joyi 2037 metr) va Pidmont platosida. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimoli g’arbida 0° dan, Janubi sharqida 8° gacha, iyul oyida shimolda 24°, Janubda 26°. Yillik yog’in 1000— 1300 mm. Daryolarining quyi qismida kema qatnaydi. Appalachi tog’larida keng bargli o’rmonlar qisman saqlangan. Iqtisodiyotining yetakchi tarmog’i — to’qimachilik sanoati. Shtat ip gazlama ishlab chiqarish bo’yicha mamlakatda 1-o’rinda. Tamaki, yog’ochsozlik (mebel), tikuvchilik sanoati korxonalari bor. Alyuminiy eritiladi, kimyoviy tolalar ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida dehqonchilik rivojlangan. Asosiy ekini — tamaki, shuningdek, yer yong’oq, makkajo’xori, sabzavotlar ekiladi. Chorvachilikda, asosan, qoramol, cho’chqa boqiladi.