Shimoliy urush

Shimoliy urush (1700-21) Rossiya (shimoliy Ittifoq tarkibida)ning Boltiq dengiziga chiqish uchun Shvetsiyaga qarshi urushi. Narva ostonasidagi mag’lubiyat (1700) dan keyin Pyotr I armiyani qayta tuzdi. Boltiq flotini barpo etdi. 1701-04 yillarda rus qo’shinlari Fin qo’ltig’i sohillarida mustahkamlanib olib, Derpt, Narva va boshqalar istehkomlarni egalladi. 1703 yil Sankt-Peterburgga asos solindi; u Rossiya imperiyasining poytaxtiga aylandi. 1708 yil Rossiya hududiga bostirib kirgan shved qo’shinlari Lesnaya yaqinida mag’lubiyatga uchradi. Poltava jangi (1709)da Shvesiya butunlay tor- mor etildi va Karl XII Turkiyaga qochdi. Boltiq floti Gangut (1714), Grengam (1720) va boshqalar joylarda g’alabaga erishdi. Nishtadt sulh shartnomasi (1721) bu urushga yakun yasadi. Unga ko’ra, Liflyandiya (Riga bilan birga), Estlyandiya (Revel, Narva bilan birga), Kareliyaning bir qismi (Keksgolm bilan birga), Ingermanlandiya (ijor yeri), Ezel va dago orollari Rossiyaga o’tdi. Rus qo’shinlari tomonidan bosib olingan Finlyandiya erlarining ko’p qismi Shvetsiyaga qaytarildi. Rossiya Shvesiyaga 2 million efimka (pul birligi) miqdorida tovon to’ladi, har ikki davlat o’rtasidagi savdo munosabatlari tiklandi.