Shilvi, uchqat

Shilvi, uchqat — shilvidoshlar oilasiga mansub butalar turkumi. 30 dan ortiq turi ma’lum. O’zbekistonda Shilvining xushbo’y Shilvi, tangabarg Shilvi, tatar Shilvisi, maydagul Shilvi, Korolkov Shilvisi, nozik Shilvi, maydabarg Shilvi, olga Shilvisi, altman Shilvisi va boshqalar turlari uchraydi. Bo’yi 1,5 metrdan 4,5 metrgacha, barglari keng tuxumsimon, ba’zilariniki uzun tuxumsimon, gullari ikki jinsli, oq, sarg’ish, qizil, pushti, aprel—may oylarida gullab, avgust—sentabrda urug’laydi. Mevasi sersuv, rezavor. Xushbo’y Shilvi, tatar Shilvisi, maydagul Shilvi manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Shilvining boshqa ko’plab turlari tog’ daralari, daryo bo’ylari, tog’yonbag’irlarida butazorlar hosil qilib, daraxtzorlar orasida, adirlarda o’sadi. Sovuqqa chidamsiz. Dasht zonalarida ekinzorlarni himoya qilish, ko’kalamzorlar, yashil devorlar hosil qilishda foydalaniladi. Yog’ochi qattiq va mustahkam bo’lganligi tufayli duradgorlik va mebelsozlikda ishlatiladi.