Sherobod-Sariqamish qirlari
Sherobod-Sariqamish qirlari — Surxondaryo botig’ining Janubiy g’arbiy qismidagi qirlar. Janubiy g’arbdan shimoli sharqqa 70 kilometrga cho’zilgan. Shimoldan Boysun botig’i, Janubi sharqdan Surxondaryo vohasi bilan chegaralangan. O’rtacha balandligi 800-1000 metr. Eng baland joyi 1216 metr. Sherobod-Sariqamish qirlari Boysun tog’laridan boshlanuvchi bir qancha daryolar (Kafrun, Anjarasoy, Pulihakim va boshqalar) bilan chuqur kesilgan va alohida qirlarga (Kagna, balandligi 955 metr; Takasakradi, 1050 metr va boshqalar) ajralgan. Yon bag’irlarida quruq soy va jarliklar ham ko’p. Tektonik jihatdan antiklinal struktura; yura, bo’r, paleogen, neogen, to’rtlamchi davr qumtosh, ohaktosh, dolomit, mergel, konglomeratlaridan tashkil topgan. Iqlimi kontinental, yog’in kam (150— 250 millimetr). Bo’z, surqo’ng’ir tuproqlarda shuvoq, sho’ra, qo’ng’irbosh, rang, oq kavrak va boshqalar o’sadi. Hududi yaylov sifatida foydalaniladi.