Sheroziyeva Gulxon
Sheroziyeva Gulxon (1920.10.1, Chimboy shahri 1978.18.1, Nukus) — O’zbekiston xalq artisti (1957). 1936 yildan Qoraqalpoq davlat musiqali drama va komediya teatri aktrisasi. J.Oymurzaevning “O’zingdan chiqqan baloga…”asaridagi Anorgul Sheroziyevaning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Sheroziyeva xarakterli rollar ustasi bo’lib, milliy ruh, milliy nutq talaffuziga alohida e’tibor berish, lirik nafosat, samimiylik ijodiga xos. Gulsara (K.Yashin, “Gulsara”), Oypar (M.Daribayev, “Ko’klen Botir”), Gulparchin (N.Dovqoraev, “Alpomish”), Oysanam, Oysuluv (S. Xo’janiyozov, “Suymaganga suykanma”, “o’zboshimcha shoh”), Hurliman (J.Oymurzaev, “Berdaq”), Shohsanam (A.Begimov, T.Ollanazarov, “Oshiq G’arib”), Osiyo (U.Xojibekov, “Arshin mol olon”), Tozagul (R.Majidov, “Qora yuraklar”), Jibek (g.Musrepov, “Qiz Jibek”) kabi rollari bilan qoraqalpoq teatr san’atida salmoqli o’rin egalladi. Sheroziyeva kuchli ovoz sohibasi bo’lib, “dembermes”, “Odingnan”, “Avezim” kabi qo’shiqlar va, ayniqsa, xalq qo’shiqlarini mohir ijrochisi bo’lgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti laureati (1967).