Saprofitlar

Saprofitlar (Yunoncha sapros — chirigan va phyton — o’simlik) — o’lik ob’yektlardan oziq manbai sifatida foydalanadigan mikroorganizmlar. Saprofitlar tabiatda keng tarqalgan bo’lib, tuproq, havo, suvda, odam va hayvonlar organizmida uchraydi. Odatda, Saprofitlar kasallik qo’zg’atmaydi. Lekin odamlarda kasallik qo’zg’atish xususiyatiga ega bo’lgan saprofit hayot kechiruvchi mikroblar ham uchraydi. Sog’lom odam organizmida ham Saprofitlar ko’p bo’ladi. Tabiiy immunitet mexanizmi buzilganda ba’zi Saprofitlar o’zi yashab turgan a’zolardan organizmning boshqa to’qima va a’zolariga o’tib, kasallik (masalan, sepsis, meningit) qo’zg’atishi mumkin.