Sag’ana, sog’ona

Sag’ana, sog’ona — O’rta Osiyo xalqlarida marhumlarni dafn etish bilan bog’liq dafn inshooti; 1) yer osti suvlari yer betiga yaqin, Toshloq joylarda yer ustiga pishiq g’isht yoki toshdan ishlangan, shakli beshikka o’xshash, ichiga bir, ba’zan bir necha (birin-ketin) jasad qo’yilgan qabr; 2) qabr ustiga o’rnatiladigan yodgorlik turi. O’rta Osiyoda 14-15-asrlarda qabr ustiga Sag’ana qo’yish rasm bo’lgan, naqsh o’yib, kitobalar yozilgan. Sag’analar pishiq g’ishtdan, toshdan, qora yoki kulrang Marmardan ishlanib, ba’zan usti sirkori koshin, o’yma naqshlar bilan bezatilgan, 2 yoni ravoqsimon bo’lgan. Temuriylar qabrlariga qo’yilgan Sag’analar badiiy ishlangani bilan diqqatga sazovor.