Selemja
Selemja — Rossiya Federatsiyasi Amur viloyatidagi daryo, Zeya daryosining (Amur havzasi) chap irmog’i. Uzunligi 647 kilometr, havzasining maydoni 68,6 ming km2. Yamalin va Ezop tog’lari tutashgan joydan boshlanadi. Quyi oqimida Zeya-Bureya tekisligining shimol cheti bo’ylab oqadi. Yomg’ir va qor suvlaridan to’yinadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi 715 m3/sekund. Noyabrda muzlab, may boshlarida muzdan bo’shaydi. Nora daryosi quyiladigan yerdan boshlab quyilish joyigacha (326 kilometr) kema qatnaydi. Selemjaning yuqori oqimida oltin koni bor.