Sharipov Solijon Shokirovich

Sharipov Solijon Shokirovich (1964.24.8, O’zgan shahri, Qirg’iziston) — Rossiya Federatsiyasi (RF) kosmonavt-uchuvchisi (1998), Amerika astronavti (1998), millati o’zbek. Xarkov oliy harbiy aviasiya uchuvchilar bilim yurtini tugatgan (1987). Tovushdan tez uchar samolyotlarni boshqargan (jami 950 soat uchgan). 1990 yildan Rossiya Federatsiyasi kosmonavtlar tayyorlash markazining kosmonavtlar otryadida. “Mir” orbital kemasida parvoz qilish dasturi bo’yicha kosmonavtlar guruhi tarkibida tayyorgarlik ko’rgan (1992-97), “Mir” (EO27, EO28), “Soyuz TM29”, “Soyuz TM30” kosmik kemalarining dublyor ekipaji tarkibida bo’lgan (1998-2000), Jonson nomidagi kosmik markazda (AQSh) STS89 ekipaji tarkibida tayyorgarlikdan o’tgan (1997-98). 1998 yil 22 yanvar 1 Fevralda AQShning “Endevor” (STS89) kosmik kemasida parvoz qilgan (6 ta Amerika astronavti bilan birga, AQSh, Florida shtati, Kanaveral kosmodromi). Bu kema Rossiyaning “Mir” orbital kemasiga tutashtirilgan va rus kosmonavtlari A. Solovev va P. Vinogradov, Amerika astronavti D. Vulf bilan birga Sharipov ham “Mir” bortida ishlagan. 2004 yil oktyabrda Rossiyaning maxsus kosmik kemasida 10-xalqaro kosmik ekipaj a’zolari — Amerika astronavti Leroy Chiao va rus kosmonavta Yuriy Shargin bilan birga Boyqo’ng’ir kosmodromidan (Qozog’iston) kosmosga parvoz qildi. Bu kosmik kema kosmosga oldin uchirilgan xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga tutashtirildi va Leroy Chiao, Yu. Shargin, S. Sharipov uzoq muddat ishlash uchun XKS ga o’tishdi, XKS dagi oddingi ekipaj yerga qaytib tushdi. Sharipov Qirg’iziston Respublikasi Qahramoni (1998), O’zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (1998).