Ruhoniy
Ruhoniy — diniy lavozimda xizmat qiluvchi, dinni targ’ib etuvchi kishi, din peshvosi. Ruhoniy buddizm, iudaizm, xristianlik, hinduiylik, Islom va boshqa dinlarda mavjud. Ruhoniy monoteistik dinlar kelib chiqishi bilan paydo bo’lgan. Kohinlar Ruhoniylarning o’tmishdoshi hisoblanadi. Ruhoniylarning oliy tabaqasiga Xudoning yerdagi noibi (katolitsizmda — Rim Papasi) yoki Xudoning unda mujassam bo’lishi (lamaizmda — Dalaylama, Ismoiliylarda — firqa boshlig’i) deb e’tiqod qilinadi. Pravoslav cherkovida Ruhoniylar qora Ruhoniylar (monaxlik turmush tarzini qabul qilganlar) va oq Ruhoniylarga bo’linadi. Rus pravoslav cherkovida Ruhoniylar moddiy jihatdan cherkov qavmlari tomonidan ta’minlanadi. Ular diniy seminariya va akademiyalarda tayyorlanadi. Islom dini endigina yoyilayotgan davrda davlat va diniy jamoa bir-biridan ajralmagani uchun maxsus Ruhoniy bo’lmagan. Ma’muriy-siyosiy ishlar bilan shug’ullangan kishilar Ruhoniylar vazifasini ham bajargan. Ma’lum vaqt o’tgandan so’ng Ruhoniylar qatlami vujudga kelgan va tabaqalanish boshlangan. Sunnishikda oliy ruhoniy muftiy hisoblanadi, shialikda Oyatulloh, hujjat Alislom, Shayx ulislom va hokazolar. Shariat ishlarini boshqaruvchi faqih, qozi, a’lam va boshqalar, dars beruvchi mudarrislar ham Ruhoniylar tabaqasiga kiradi. O’zbekistonda Islom dini uchun ruhoniy kadrlar Toshkent Islom instituti, Mir Arab madrasasi va boshqa turli diniy bilim yurtlarida tayyorlanadi. Ruhoniy jamiyatning ma’naviy hayotiga muayyan ta’sir ko’rsatadi. Keyingi paytlarda “Ruhoniy” atamasi islomdan boshqa din arboblariga qo’llaniladigan bo’ldi. Islomda bu so’z o’rnini ulamo so’zi egallagan.