Ruslar
Ruslar — xalq, Rossiya Federatsiyasining asosiy aholisi (taxminan 120 million kishi). Ukrainada 11,35 million kishi, Qozog’istonda 6,23 million kishi, O’zbekistonda 1,65 million kishi, Belorussiyada 1,34 million kishi, Qirg’izistonda 916,6 ming kishi, Latviyada 900 ming kishi, Moldaviyada 560 ming kishi, Estoniyada 475 ming kishi, Ozarbayjonda 390 ming kishi, Tojikistonda 390 ming kishi, Litvada 345 ming kishi, Gruziyada 340 ming kishi, Turkmanistonda 330 ming kishi, Armanistonda 51 ming kishi, shuningdek, Amerika mamlakatlarida (asosan, AQShda 1 million kishi, Kanada va boshqa mamlakatlarda jami taxminan 1,4 million kishi) va G’arbiy Yevropada yashaydilar. Umumiy soni 146,5 million kishi (1990- yillar o’rtalari). Rus tilida so’zlashadi. Dindorlari — asosan, pravoslavlar. Ruslar, ukrain va beloruslar kabi, urug’-qabilachilik munosabatlarining yemirilishi va Kiyev atrofida qadimgi Rus davlati vujudga kelishi jarayonida Sharqiy slavyan qabilalaridan shakllangan qadimgi rus elatidan paydo bo’lgan.