ARXIMED
ARXIMED (taxminan miloddan avvalgi 287 — Sirakuza (Sisiliya) — 212) — yunon mexanigi va matematigi. Arximed o’sha zamonning yirik ilmiy markazi — Iskandariyada ta’lim olgan. Rimliklar Sirakuzani bosib olishi paytida o’ldirilgan. Arximed richag qonunlarini topgan, uning nomi bilan yuritiladigan gidrostatika qonunini ochgan. Matematikaga oid bir qator ishlari orasida uning usuli yordamida egri chiziqlarning uzunligini hisoblab topish, yuza va hajmlarni aniqlash katta o’rin tutadi. Arximed ekin maydonlarini sug’orish mashinalari, yuklarni ko’tarish uchun mo’ljallangan richag va bloklar tizimlari, harbiy irg’itish mashinalari, qotishmalarning tarkibini suyuqlik (suv)da aniqlash usuli va boshqa ko’p kashfiyotlarning muallifi. Ko’p asarlari bizgacha yetib kelmagan.