Ruse
Ruse — Bolgariyadagi shahar. Ruse okrugining ma’muriy markazi. Aholisi 162,1 ming kishi (2001). Mamlakatning Dunay daryosi bo’yidagi yirik porti. Transport yo’llari tuguni. Temir yo’l va avtomobil yo’li ko’prigi orqali Ruminiyaning Jurju shahri bilan bog’langan. Mashinasozlik (xususan, og’ir, qishloq xo’jalik mashinasozligi, elektrotexnika), kemasozlik, priborsozlik, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat korxonalari mavjud. Mebel ishlab chiqariladi. Opera va drama teatrlari, tarix muzeyi, qishloq xo’jalik instituti bor. Shaharga 1-asrda rimliklar asos solgan. 6-asrgacha harbiy markaz bo’lgan.