Romitan tumani
Romitan tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Buxoro viloyatining markazida joylashgan. Tuman hududi shimoli sharqdan katta masofada Peshku, Janubi sharqdan esa Vobkent, Buxoro tumanlari, Janubi g’arbdan Jondor tumani, tumanning Amudaryo bilan Qizilravot bo’lagi Amudaryo orqali Turkmaniston, shimoli g’arbdan Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,29 ming km2. Aholisi 105,5 ming kishi (2003). Tumanda 2 shahar (Romitan, Gazli), 7 qishloq fuqarolar yig’ini (Bog’iturkon, Do’stlik, Romitan, Chilong’u, Sho’rcha, Qizilravot, Qo’rg’on) bor. Markazi — Romitan shahri. Tabiati. Tuman hududining relefi, asosan, tekislikdan iborat. Shimoliy g’arbiy qismi Amudaryo bilan chegaradosh. To’rtdan uch qismi Qizilqum cho’li bilan band, shimoliy Kuljuqtov etaklaridan iborat. Janubi Zarafshon daryosining quyi etaklaridagi Buxoro vohasida joylashgan. Cho’l zonasida yassi tekisliklar bag’rida alohida ifodalangan tepalar (Jagastepa — 226 metr, Nortepa — 191 metr) bo’rtib turadi. Aksariyat maydonlar qumli, gipsli cho’l yaylovzorlari bilan band. Janubdan Zarafshon daryosining irmoqlari oqadi. Tumanning asosiy suv manbai Amu-Buxoro mashina kanalidir. Iqlimi keskin kontinental. YanvArning o’rtacha temperaturasi 0°, -1,5°, Qizilravot atrofida -3°, -4°, eng past temperatura -29°, iyulning o’rtacha temperaturasi 28°— 31,3°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 200— 205 kungacha kuzatiladi. Yillik yog’in 100-130 mm. Tuproqlari, asosan, o’tloqi, bo’z tuproqlar, cho’lqum, taqir bo’z tuproqlar, sho’rxok va sho’rtoblar uchraydi. Yovvoyi o’simliklardan boyalich, kavrak, sho’rashuvoq, yantoq, yer osti suvlari yaqin joylarda qamish, qumloqlarda saksovul o’sadi. Bahorda rang, qo’ng’irbosh, yaltirbosh, lola va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli qo’shoyoq, ingichka barmoqli yumronqoziq, qo’shoyoq, qumsichqon, qum bo’g’ma iloni, charx ilon, kaltakesaklar, chayon, qoraqurt va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (78,5%), shuningdek, qozoq, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 81,8 kishi. Shaharliklar 21,1 ming kishi, qishloq aholisi 84,4 ming kishi. Xo’jaligi. Paxtachilik, g’allachilik, bog’dorchilik yetakchilik qiladi. Chorvachilikda qoramolchilik, qorako’lchilik, parrandachilik, tuyachilik, baliqchilik yo’lga qo’yilgan, pillachilik ham rivojlangan. 858 fermer xo’jaligi bor. 14 ta muqobil MTP, 1 MTP aktsiyadorlik jamiyati fermer xo’jaliklarga xizmat ko’rsatadi. Romitan tumanida 1667 kichik va o’rta korxona bor. Tumanda gaz sanoati (Gazli), paxta tozalash zavodi, hunarmandchilik tarmoqlari faoliyat ko’rsatadi. Avtotransport asosiy o’rinda. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 51,4 ming qoramol, 96 ming qo’y va echki, 400 ga yaqin ot va tuya, 53,4 ming parranda boqiladi (2003). Romitan tumanining umumiy yer maydoni qariyb 419 ming gektar, shundan sug’oriladigan yerlar maydoni 23,1 ming gektardan ziyod, ekin maydoni 20,5 ming gektardan ziyod, 12,7 ming gekar maydonga paxta, 6,2 ming gektardan ziyod maydonga g’alla ekiladi, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ham yetishtiriladi. 1300 gektar maydonda mevazor va tokzor bor. Yaylovlar qariyb 254,9 ming gektar maydonni egallaydi. 45 umumiy ta’lim maktabidan (26 mingdan ortiq o’quvchi) 2 tasi iqtidorli bolalar internat maktabidir. 1 litsey, 3 kasb-hunar kolleji (1300 o’quvchi) bor. 41 kutubxona, madaniyat uyi faoliyat ko’rsatmoqda. Tarix o’lkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. 335 o’rinli 4 kasalxona, 5 poliklinika, tashxis markazi, 3 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 25 qishloq vrachlik punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 240 vrach, 1300 o’rta tibbiy xodim ishlaydi (2003). Romitan tumani bilan qo’shni tumanlar o’rtasida avtobuslar qatnaydi. 1934 yildan “Romitannoma” tuman gazeta chiqadi (adadi 1600). Ad.: Xalimov T., Qobilov I. Qadimiy va navqiron Romitan, T., 1997. Qahramon Rajabov, Lola Muhammadjonova.